Toshkent shahar statistika boshqarmasi O’zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to’g’risida”gi qonuni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 24 dekabrdagi “Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to’g’risida”gi PF-3183-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 8 yanvardagi “O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida”gi 8-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Boshqarma O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi yagona tizimi tarkibidagi hududiy davlat statistika organi hisoblanadi. Boshqarma davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo’jalik yurituvchi subyektlar, fuqarolar va tashkilotlarning rasmiy statistik ma’lumotlarga bo’lgan talabini qondiruvchi, yaxlit progressiv statistik axborot tizimining faoliyatini ta’minlovchi davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni amalga oshiradi.

Boshqarma statistika ishlarini tashkil etishni quyidagi tamoyillar asosida ta’minlaydi:
• ishonchlilik, xolislik, beg’arazlik;
• dolzarblik, qiyosiylik va barqarorlik;
• qulaylik, ochiq-oydinlik va oshkoralik;
• statistika ma’lumotlarini yig’ish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga har qanday aralashishni istisno etish.

Boshqarma o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, Davlat statistika qo’mitasining buyruqlari, qarorlari, ko’rsatmalariga, shuningdek o’z Nizomiga amal qiladi.

Boshqarma yuridik shaxs hisoblanib, O’zbekiston Respublikasi davlat gerbi tushirilgan va o’z nomi yozilgan blank va muhrga, mustaqil balansga, amaldagi qonunchilikka muvofiq ochilgan bankdagi hisob raqamlariga ega.

Asosiy vazifalari

Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
• davlat statistikasi sohasida yagona siyosatni amalga oshirish va statistikani tashkil etishning samarali tizimini ta’minlash;
• xalqaro standartlarga muvofiq bo’lgan yagona statistika metodologiyasini hamda davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etish;
• ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari to’g’risidagi statistika axborotlarini yig’ish, qayta ishlash, to’plash, saqlash, umumlashtirish va tahlil qilish;
• Toshkent shahridagi davlat organlarini va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini, yuridik shaxslarni, davlat muassasalarini, shuningdek jamoatchilikni statistika axborotlari bilan belgilangan tartibda ta’minlash;
• Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini, statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur bo’lgan iqtisodiy-statistik klassifikatorlar tizimini yuritishda ishtirok etish.

Asosiy funksiyalari

Boshqarma o’ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) davlat statistikasi sohasida yagona siyosatni amalga oshirish va statistikani tashkil etishning samarali tizimini ta’minlash borasida:
• Toshkent shahrida statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilarning talablarini o’rganishni hisobga olgan holda Davlat statistika ishlari dasturiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi;
• davlat statistikasi tamoyillariga rioya etilishini va xalqaro standartlarga muvofiq bo’lgan statistik metodologiyaning yagonaligini ta’minlaydi;
b) xalqaro standartlarga muvofiq bo’lgan yagona statistika metodologiyasini va davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etish sohasida:
• davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etadi va davlat statistika kuzatuvlarini yagona statistika metodologiyasiga qat’iy amal qilgan holda o’tkazilishini ta’minlaydi;
• statistika axborotlarining tezkorlik bilan qayta ishlanishi va uzatilishini ta’minlovchi yangi axborot-kommunikatsiya resurslari va texnologiyalarini Toshkent shahar davlat statistikasi organlari faoliyatiga joriy etadi;
• Toshkent shahar davlat statistikasi organlari kadrlarining malakasi oshirilishini va qayta tayyorlanishini tizimli asosda ta’minlaydi;
c) statistika axborotlarini yig’ish, qayta ishlash, to’plash, saqlash, umumlashtirish va tahlil qilish sohasida:
• Davlat statistika ishlari dasturi va Davlat statistika ishlarini ishlab chiqarish dasturining bajarilishini ta’minlaydi;
• Toshkent shahrini, uning tumanlarini iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan davlat statistika kuzatuvlarini amalga oshiradi;
• qog’oz yoki elektron shakldagi davlat statistika hisobotlarini yig’ishni, uy xo’jaliklarini kuzatishni, ro’yxatdan o’tkazishlarni, bir martalik hisobga olishlarni, so’rovlarni va boshqa kuzatuvlarni o’tkazishni Davlat statistika qo’mitasi tomonidan tasdiqlangan shakllar va metodologiyaga qat’iy amal qilgan holda tashkil etadi
• va ta’minlaydi;
• Davlat statistika ishlarini ishlab chiqarish dasturida belgilangan makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning statistik hisob-kitoblarini amalga oshiradi hamda Toshkent shahar bo’yicha eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar va hodisalarning dastlabki statistik tahlilini olib boradi;
• statistika va hisobot ko’rsatkichlarining tezkorligi, ishonchliligi, xolisligini, statistika axborotlarning qulayligi, ochiq-oydinligi va oshkoraligini kengaytirish bo’yicha chora-tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
• statistika ishlarini tashkil etishning statistika axborotlarini yig’ish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining har qanday aralashuvini istisno qiladigan tizimini yaratish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
• olingan statistika ma’lumotlarining maxfiyligini, davlat sirlariga ega bo’lgan statistika ma’lumotlarining himoya qilinishini ta’minlaydi;
• statistika axborot resurslarining xavfsizligini va davlat statistikasi axborot-hisoblash tizimining ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilinishini ta’minlaydi;
• respondentlarni tasdiqlangan davlat statistika hisoboti shakllari to’g’risida xabardor qiladi hamda respondentlarni belgilangan miqdorda davlat statistika kuzatuvlari shakllarining blankalari, ularni to’ldirish bo’yicha tushuntirishlar bilan bepul ta’minlaydi;
d) belgilangan tartibda statistika ma’lumotlari bilan ta’minlash sohasida:
• Toshkent shahar bo’yicha barcha foydalanuvchilarga ochiq statistika axborotini tarqatadi va ulardan foydalanish uchun teng sharoitlar bilan ta’minlaydi;
• statistika kuzatuvlari va rasmiy statistika ma’lumotlari masalalari bo’yicha axborot-tushuntirish ishlarini olib boradi;
• qonunchilikda belgilangan tartibda, shartnoma asosida Davlat statistika ishlari dasturida ko’rsatilganlaridan tashqari statistik, tahliliy, axborot va boshqa xizmatlar ko’rsatadi;
e) Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrini va iqtisodiy-statistik tasniflagichlarni yuritish sohasida:
• tasniflashning yagona tizimi asosida Toshkent shahrida joylashgan yuridik shaxslarni hisobga olish va identifikatsiyalashni, shuningdek Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrining samarali faoliyat ko’rsatishini ta’minlashda ishtirok etadi;
• davlat statistika kuzatuvlarida statistik tasniflagichlardan foydalanishni ta’minlaydi va foydalanuvchilarga statistik tasniflagichlar va ularga kiritiladigan o’zgartirishlar to’g’risidagi axborotni belgilangan tartibda taqdim etadi.
• Boshqarma qonun hujjatlarida belgilangan boshqa funksiyalarni ham bajaradi.

Ish tartibi: dushanba-juma soat 9:00 dan 18:00 gacha.

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________