Yangi g‘oyalar va islohotlar samarasi amaliy ifodasini topmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlarida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari dastlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademik Sobir Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutiga tashrif buyurdi. Institutning asosiy yo‘nalishlari, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutida tabiiy birikmalar kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi sohasida katta ilmiy maktab shakllangan. Bugungi kunda ushbu muassasada 159 ilmiy xodim tabiiy birikmalar kimyosini o‘rganish, ular asosida tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun dori vositalari hamda kimyoviy preparatlar yaratish borasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib bormoqda.

Istiqlol yillarida bu yerda 500 dan ortiq turdagi o‘simlikning kimyoviy tarkibi o‘rganilib, ulardan 1 ming 200 dan ziyod modda ajratib olingan. 246 yangi alkaloid, 100 dan ortiq fenol birikmalari, 50 dan ziyod terpenoid birikmalarning kimyoviy tuzilishi isbotlangan. 5 mingdan ortiq geterosiklik birikma sintez qilinib, ularning faolligi o‘rganilgan.

Institut qoshidagi tajriba-ishlab chiqarish korxonasida 20 ga yaqin dori vositasi substansiyalari ishlab chiqarilmoqda, yiliga 100 tonna o‘simlik xom ashyosi qayta ishlanmoqda. 2017-yilda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, AQSh kabi davlatlarga 2,5 million dollardan ortiq miqdordagi biologik aktiv substansiyalar eksport qilingan. Shuningdek, mamlakatimiz farmatsevtika korxonalariga substansiyalar yetkazib berilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev mazkur dargoh o‘zining ilmiy salohiyati bilan nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlarda turishi, bu yerda yaratilayotgan yangiliklar farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 16-sentabrdagi “2016-2020 yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarorida farmatsevtika sohasini rivojlantirish, xorijdan keltiriladigan dori vositalarini mahalliy xom ashyodan ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqish va ularni chuqur qayta ishlash asosida yangi dori vositalari yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq, O‘simlik moddalari kimyosi institutida xalqaro talablarga javob beradigan GMP zavodi barpo etilmoqda.

Buning natijasida yiliga 500 tonnadan ziyod o‘simlik xom ashyosini chuqur qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. Joriy yildan 30 dan ortiq tabiiy toza, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz mazkur korxona bilan tanishdi, olimlar tomonidan tayyorlangan biologik aktiv substansiyalarni ko‘zdan kechirdi.

– Dori substansiyalari farmatsevtika sanoatining asosiy omilidir. Buning uchun o‘simliklarni chuqur qayta ishlash, jahon ilmiy yutuqlarini o‘rgangan holda, bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan preparatlarni yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari institut faollar zalida vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari va O‘zFA ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan muloqot qildi. Unda mamlakatimizda olimlar, akademiklar bilan muntazam uchrashib turish an’anaga aylangani, Harakatlar strategiyasi asosida ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

– Hamma sohaning kelajagi sizlarga, ilm-fanga bog‘liq. Bundan keyin mamlakatimizga kelayotgan har bir xorijiy investitsiyaning muayyan foizi ilm-fanni rivojlantirishga va ilmiy kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Ilm-fan rivojlansagina ertangi kunimiz haqida tasavvur qila olamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan olimlar Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ularga katta xursandchilik, moddiy va ma’naviy rag‘bat berganini, bundan buyon bor bilim, kuch-g‘ayrat va shijoatini ilm-fan rivojiga qaratishlarini alohida qayd etdilar.

Shundan so‘ng Prezidentimiz Yashnobod tumanidagi zamonaviy harbiylar shaharchasi qurilishi bilan tanishdi.

Mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Poytaxtimizning Yashnobod tumani «Olmos» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilayotgan ko‘p qavatli yangi uylar ham o‘nlab harbiy xizmatchilar oilasiga olam-olam quvonch bag‘ishlashi shubhasiz.

Prezidentimizning 2017-yil 13-yanvardagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yerda 48 ta besh qavatli uy qad rostlamoqda.

Loyihaga ko‘ra, birinchi bosqichda 540 xonadonga mo‘ljallangan 5 qavatli 18 ta uy qurilmoqda. Buyurtmachi – “Qishloq qurilish invest” IK, loyihalashtirish ishlari – bosh loyihachi “Qishloq qurilish loyiha” instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilish-montaj ishlari 12 ta pudrat tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida amalga oshirilmoqda.

Bunyodkorlik ishlariga 30 dan ortiq texnika hamda 2000 ga yaqin malakali muhandis va ishchi xodim jalb qilingan. Bugungi kunga qadar g‘isht terish ishlari yakunlanib, santexnika, pardozlash ishlari bajarilmoqda.

Davlatimiz rahbari hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, uylarda yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.

– Sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilarimiz turmush sharoitini yaxshilash borasidagi islohotlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi, – dedi Prezidentimiz. – Ularning farzandlari ta’lim-tarbiyasi va ijtimoiy himoyasi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Ikkinchi bosqich doirasidagi 900 xonadonga mo‘ljallangan 5 qavatli 30 ta uy qurilishi ham qizg‘in davom etmoqda. Buyurtmachi – “O‘zshahar qurilish invest” IK, bosh loyihachi – “Qishloq qurilish loyiha” instituti.

Zamonaviy harbiy shaharcha bo‘ladigan ushbu mavzeda bolalar bog‘chasi, maktab, poliklinika va boshqa ijtimoiy obyektlar ham barpo etiladi. Uylar Vatan himoyachilariga imtiyozli kredit asosida beriladi.

Shavkat Mirziyoyev uylarni o‘z vaqtida va sifatli qilib yakunlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shu yerda huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilari bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning qurilish loyihasi bilan tanishdi. Maktab binosi Prezidentimizning 2017-yil 14-sentabrdagi «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qurilmoqda.

Qurilish-montaj ishlari “Yuksak parvoz qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshiriladigan maktab 1 ming 470 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, viloyatlardan kelib o‘qiydigan o‘quvchilar uchun 300 o‘rinli yotoqxona ham quriladi. Maktabda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Jumladan, mustaqil ishlashi, qobiliyatini rivojlantirishi uchun maxsus uskunalar bilan jihozlangan qo‘shimcha xonalar, auditoriyalar, tabiiy fanlar laboratoriyalari, informatika xonalari, robototexnika ustaxonalari, sport maydonchalari hamda suzish havzasi barpo etiladi. Shuningdek, har biri 500 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali, oshxona hamda 20 ming kitob fondiga ega kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi.

Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash, yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib tarbiyalash va zamon talablariga javob beradigan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

– Eng yaxshi mutaxassislar tayyorlaydigan markaz shu yerda bo‘ladi. Ushbu maktabga viloyatdan iqtidorli bolalarni tanlov asosida qabul qilish lozim. Bu yerda shunday muhit yaratish kerakki, ular ta’limni asosan elektron vositalar orqali olsin, – dedi Prezidentimiz.

Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 28-oktabr kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanida qurib bitkazilgan «Ashxobod sayilgohi»ni borib ko‘rgan, sayilgoh atrofi, unga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan bu yerda zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i majmuasining ikkinchi bosqich qurilish ishlari boshlab yuborildi. Umumiy maydoni 12 gektarlik sayilgoh ichida 26 ta attraksion bo‘lgan 1 ta usti yopiq inshoot, ochiq tipdagi 31 ta o‘yin attraksionlari, nuroniylar maskani, sovg‘alar do‘koni va boshqa savdo shoxobchalari qurildi.

Prezidentimiz “Ashxobod sayilgohi”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Sayilgohga kiraverishda turkman millatining mardlik va jasorat timsoli bo‘lgan axalteke otlari aks etgan yaxlit kompozitsiya barpo etilgan. Bu yerdagi jihozlar turkman milliy me’morlik an’analarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, qarag‘ay, qrim qarag‘ayi, hind sireni, eman, kashtan, magnoliya, arizona kiparisi, salviya, moviy archalar ekilgan. Tashrif buyuruvchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun o‘rindiqlar, veloyo‘laklar, favvoralar o‘rnatilgan. Amfiteatr va kafe tashrif buyuruvchilarga muntazir.

Qurilish ishlariga 24 texnika va 500 ga yaqin malakali ishchi-muhandis jalb qilingan.

“Ashxobod sayilgohi” zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i majmuasida 180 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bog‘ yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida barpo etilayotgan zamonaviy inshootlar qurilishi bilan tanishdi.

Davr shiddat bilan o‘zgarib, zamonaviy texnologiyalar hayotimizga tobora chuqur qirib kelayotgan hozirgi kunda shaharsozlikda innovatsion loyihalar, yangi qurilish usullari va yondashuvlar paydo bo‘lmoqda. Bunday yondashuvlar rivojlangan davlatlarda «Kelajak shahri» yoki “Yangi shahar” deb atalmoqda.

Poytaxtimizning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda barpo etilayotgan «Toshkent City» xalqaro ishbilarmonlik markazi shunday zamonaviy markazlardan bo‘ladi. Loyihaga muvofiq, bu yerda biznes-markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, Kongress-xoll, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, ijtimoiy va boshqa obyektlar barpo etiladi.

Bugungi kunda «Toshkent Sity» hududida Kongress-xoll va zamonaviy mehmonxona qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Kongress-xoll oliy martabali mehmonlar ishtirokida xalqaro anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi paytda xorijlik quruvchi-muhandislar tomonidan «Jet grout» texnologiyasi asosida qoziq qoqish va poydevor qo‘yish ishlari bajarilmoqda.

Yigirma qavatdan iborat besh yulduzli mehmonxona eng zamonaviy qulayliklarni o‘zida mujassam etadi. Ushbu mehmonxonada ham nufuzli anjumanlar o‘tkazish uchun zallar, restoranlar, salonlar, basseynlar quriladi. Ikkala inshootdan bir-biriga maxsus ko‘prik orqali o‘tish mumkin bo‘ladi.

Prezidentimiz loyihalar bilan tanishar ekan, mazkur inshootlarni eng zamonaviy texnologiyalar va me’morlik andozalari asosida barpo etish zarurligini ta’kidladi.

– «Toshkent Sity» shahar ichidagi yangi shahar bo‘lishi kerak, bu shaharcha katta sur’atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonimizning bor salohiyatini o‘zida to‘la namoyon etishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qurilishni tezlashtirish, inshootlarni 2019-yil avgust oyida foydalanishga topshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar Vatanimizning yuksak iqtisodiy salohiyatini namoyon etib, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zA




Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-aprel kuni aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishlar tahlili va galdagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Ilgari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi, biror firma yoki korxona ochmoqchi bo‘lgan odam hujjat to‘g‘rilash jarayonida sarson-sargardon bo‘lardi. Notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ham ba’zan kun bo‘yi navbatda turishga to‘g‘ri kelardi.

Bugun ham qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi davlat xizmatlari ko‘rsatishda muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajada ekani va qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgani asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolarning ortiqcha kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga, bu esa, oqibatda ba’zan korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda.

Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida inson manfaatlari bosh mezon sifatida belgilangani hamda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ulug‘vor g‘oya ilgari surilgani davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. 2018- yil 1-yanvardan “yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi.

Bugungi kunda mazkur markazlar tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga, yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimiz markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Davlat xizmatlarining har bir turi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga ko‘ra, vakolatli davlat organlari, tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtiriladi.

Albatta, odamlarning mushkulini oson qiladigan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bu tizim xalqimizga katta qulaylik yaratmoqda. Lekin hali joylarda ayrim kamchiliklar borligi tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Masalan, ayrim vakolatli organlarda davlat xizmati ko‘rsatish bo‘yicha elektron axborot tizimi to‘liq joriy etilmagan, idoralararo elektron axborot almashuvi yo‘lga qo‘yilmagan. Ayrim Davlat xizmatlari markazlari optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan.

Yig‘ilishda bu muammolar tanqidiy tahlil qilinib, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga 50 ta davlat xizmatlari bo‘yicha elektron axborot tizimi va elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, barcha markazlarda elektron navbat tizimini ishga tushirish, uyali telefonlar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradigan dasturlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat xizmatlari markazlari binosining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy qilib qurish, bu borada investorlarga imtiyozlar berish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumki, tadbirkorlikka doir 35 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar hukumat tomonidan beriladi. Bunday o‘ta markazlashish tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qiladi. Shu bois, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturiga muvofiq, litsenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Kadastr va qurilish sohalarida davlat xizmatlari ko‘rsatish qoniqarsiz ahvolda ekani jiddiy tanqid qilindi. “Ergeodezkadastr” qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr hujjatlarini elektron tartibda yuritish, kadastr guvohnomalarini qog‘ozda emas, balki elektron reyestrdan ko‘chirma shaklida berish amaliyotini joriy etish vazifasi topshirildi. Shuningdek, barcha ruxsatnoma va litsenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan “Litsenziya” axborot kompleksini joriy yil may oyiga qadar to‘liq ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2021-yilgacha 5 milliondan ziyod haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish zarur. Biroq bu bo‘yicha har bir viloyatda 3-4 ta, mamlakatimizda jami 49 ta tuzilma bor, xolos. Endilikda haydovchilik guvohnomalarini almashtirib berishni ham Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish, buning uchun ushbu markazlarga yo‘l harakati xavfsizligi vakili biriktirish rejalashtirilgan.

Sayyor qabullarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Adliya vazirligiga Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichiga hujjatlarni joylardagi davlat xizmatlari markazlari orqali topshirishni tajriba tariqasida joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda sohaga mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

O‘zA




O‘zbekiston Prezidenti xorijiy delegatsiyalar rahbarlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida Yevrokomissiya vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘lu, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerinini qabul qilar ekan, turli darajadagi aloqalar faollashganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi, bu esa O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi o‘zaro intilishlardan dalolatdir.

Suhbatda Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishda zarur ko‘mak ko‘rsatish va mintaqani barqaror rivojlantirish, shuningdek, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘zaro aloqalar istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kelasi yilda YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyasini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining yuqori o‘sish sur’atlari va izchil mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, muhim sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda, biznes va mintaqalar darajasidagi kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Ta’lim, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar almashinuvga oid yangi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining joriy yil kuzda O‘zbekiston Respublikasiga bo‘ladigan davlat tashrifiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘luni samimiy qutlar ekan, do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tgan yil oktabr oyida Turkiyaga oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuv va bitimlarni to‘liq amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish, avvalo, muzokaralar kun tartibini savdo, sarmoya, yuksak texnologiyalar, transport va turizm, madaniyat sohalari va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka oid aniq loyiha va dasturlar bilan boyitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga amaliy ruh baxsh etish zarurligi haqida so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbari o‘zaro savdo, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, yengil sanoat va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya aloqalari, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, O‘zbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish sohalarida ulkan salohiyat mavjudligini alohida qayd etdi.

Muloqotlarni yanada faollashtirish, turli darajadagi o‘zaro tashriflar hamda qo‘shma tadbirlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar chog‘ida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari Afg‘oniston bo‘yicha yuksak darajadagi Toshkent konferensiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, u o‘z vaqtida tashkil etilgani va tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalar dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Forum natijalari ushbu mamlakatdagi vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish jarayonini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar va sotsial-iqtisodiy islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqada konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha faol ishtirokiga yuksak baho berildi.

Yuqori martabali mehmonlar Prezidentimizga Yevropa Ittifoqi rahbariyati, Rossiya, Turkiya va Pokiston rahbarlarining ezgu salomi va samimiy tilaklarini yetkazib, o‘z mamlakatlarining O‘zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

O‘zA




O‘zbekiston Prezidenti AQSh Davlat kotibi o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQShning nufuzli delegatsiyasi rahbari, AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, birgalikdagi sa’y-harakatlar O‘zbekiston – AQSh munosabatlarini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaganini alohida ta’kidladi. Oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama muloqotlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilib, uni amaliy mazmun bilan boyitmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan muntazam siyosiy muloqotga yuksak baho berildi. Savdo, investitsiya va yuqori texnologiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda AQShning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston va AQSh afg‘on mojarosini tinch siyosiy yo‘l bilan hal etish bo‘yicha jarayonni tez fursatda boshlash tarafdori ekani ta’kidlandi.

Afg‘oniston hukumatining mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga qo‘shilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ikki tomon ham qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani va uning ishida AQShning nufuzli delegatsiyasi ishtirok etayotgani uchun Prezident Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

AQSh Davlat kotibining o‘rinbosari Tomas Shennon ushbu anjumanda qatnashishga taklif etgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor qildi. Mazkur muhim xalqaro tadbirning o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani va dolzarbligi alohida ta’kidlandi.

AQSh diplomati mamlakatimizda davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati va iqtisodiyot sohalarida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

O‘z mamlakati rahbariyati nomidan AQSh davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.

O‘zA




Toshkentda “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi

«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida poytaxtimizda «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev va Yevrokomissiya prezidenti o‘rinbosari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini mintaqalararo hamkorlikka oid dozarb masalalarni muhokama qildi.

Марказий Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari Yevropaning 2009 yilda YeIning mintaqamizga oid yangilangan strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilishga doir rejasini ma’qulladi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining mazkur jarayonda faol ishtirok etishiga doimo tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, mintaqada iqtisodiy, hududlararo yo‘nalishlardagi hamkorlikni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, ilmiy va ta’lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida ham so‘z yuritildi.

Tadbirda Afg‘onistondagi ahvolni barqarorlashtirish va poytaxtimizda o‘tkaziladigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasi arafasida ushbu davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uni xududiy iqtisodiy va infratuzilma aloqalariga jalb qilishga doir sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha fikr almashildi.

Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvini joriy yilning ikkinchi yarmida Bryussel shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.

O‘zA




O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi

Muhtaram Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani Janobi Oliylari!

Hurmatli Federika Mogerini xonim!

Hurmatli tashqi ishlar vazirlari va delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Ushbu anjumanda ishtirok etayotganingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman va mehmondo‘st o‘zbek zaminida sizlarni ko‘rib turganimdan g‘oyat xursandman.

Bugungi konferensiya O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasining birgalikdagi tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.

Mazkur anjuman xalqaro hamjamiyat tomonidan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir.

Forumda shaxsan ishtirok etayotgani uchun Prezident Muhammad Ashraf G‘ani Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.

Shuningdek, xalqaro konferensiya o‘tkazish bo‘yicha bizning tashabbusimizni avval-boshdanoq qo‘llab-quvvatlagan va barcha qatnashchilarga o‘zining tabrik xatini yo‘llagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrishga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Biz janob Antoniu Guterrishning Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish jarayonlari doirasida muzokaralar o‘tkazish tarafdori ekanini, shuningdek, mintaqamizda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholaymiz.

Shu yilning yanvar oyida BMT Xavfsizlik Kengashida Qozog‘iston raisligida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha fikr almashuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Fursatdan foydalanib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevga ana shu o‘ta muhim muammoni muhokama etish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusi uchun samimiy tashakkur bildiraman.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida bildirgan zarur va qimmatli takliflari uchun BMT Xavfsizlik Kengashining barcha a’zolaridan minnatdorman. Bu takliflarning katta qismi ushbu konferensiyaning afg‘onistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda tayyorlangan yakuniy hujjati loyihasi – Toshkent deklaratsiyasida hisobga olindi.

Shu bilan birga, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan:

– Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini xonimni;

– Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat mahkamalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini chin qalbimdan qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Bugun ushbu zalda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan davlatlar va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari to‘planganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Biz shu kunlarda bahor va yangilanish bayrami bo‘lgan Navro‘z ayyomini keng nishonlamoqdamiz. Azal-azaldan bu faslda urush-janjallar to‘xtatilgan, odamlar eski gina-kuduratlarni unutib, bir-birini kechirgan va hatto eng murakkab, hal etib bo‘lmaydigandek tuyulgan masalalar bo‘yicha ham kelishib, hamjihatlikka erishgan.

Ishonchim komil, bugun biz ham davrimizning eng o‘tkir mintaqaviy va global muammolaridan biri – Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni hal etishni amaliy ruhda muhokama qilib, birgalikda umumiy bir yechim ishlab chiqishga qodirmiz.

Ming afsuski, jafokash Afg‘oniston zaminidagi bu to‘qnashuv qariyb 40 yildan buyon davom etmoqda.

Ma’lumki, “urush olovi” afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirildi, bu – uning tanlovi emas.

Ana shu yillar mobaynida yuz minglab tinch aholi urush qurboniga aylandi, millionlab insonlar o‘z uylarini tashlab ketishga va boshqa mamlakatlardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi.

Bu mojaroga yangi-yangi kuchlarning jalb etilishi uning mislsiz darajada keskinlashib ketishiga olib keldi. Ushbu urush nafaqat Afg‘onistonning muammosi, balki tobora murakkablashib borayotgan xalqaro muammoga aylandi.

Afg‘onistonda xalqaro terrorchi guruhlar sonining kengayishi, zo‘ravonlik va qon to‘kishlar, narkobiznesning barham topmayotgani – bularning barchasi bu mamlakatdagi vaziyatni jahon jamoatchiligi tomonidan inkor etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

Eng yomoni, Afg‘onistondagi qurolli qarama-qarshilik va zo‘ravonlik sharoitida butun bir avlod voyaga yetdi. Lekin bu, ayrim ekspertlar andishasizlarcha ta’kidlayotganidek, “boy berilgan avlod” emas. Ular urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar, xolos. Ular o‘zaro nizolarga chek qo‘yib, tinch hayotga, o‘z mamlakatini taraqqiyot va farovonlikka olib boradigan bunyodkor mehnatga qaytishni xohlaydi va shunga intiladi.

Men qat’iy aminman: afg‘on xalqida o‘z farzandlari va kelajak avlodlarning baxt-saodati yo‘lida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-g‘ayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli.

Bugungi anjumanimizda vakillari ishtirok etayotgan davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bu jafokash mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashishda muhim rol o‘ynashga qodir va shunday bo‘lishi kerak.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar oqibatida Afg‘onistondagi vaziyat ma’lum bir vaqt davomida xalqaro siyosat e’tiboridan chetda qoldi. Ammo buning natijasida mazkur mojaro o‘z keskinligi va jiddiyligini yo‘qotgani yo‘q.

O‘zbekistonda xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi va Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurati quyidagi omillar bilan bog‘liq.

Birinchidan, bizning tashabbusimiz O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘la mos keladi. Bu konsepsiyada, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan.

Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida o‘zaro o‘xshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.

Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai bo‘lib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hech qachon to‘sqinlik qilmagan.

Afg‘on zaminida Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalari va boshqa ko‘plab bizning ulug‘ ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida yaqin siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Afg‘onistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi. Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq o‘zbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.

Uchinchidan, barchamiz qat’iy ishonamizki, xavfsizlik yagona va bo‘linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o‘zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo‘q.

Afg‘oniston xavfsizligi – bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir.

Xalqaro terroristik tashkilotlar Afg‘onistonni o‘zining doimiy makoniga aylantirib olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish bo‘yicha tajribaga ega.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan 1999-yilda Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, Rossiya va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasida “6+2” guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Bu uchrashuvda Shimoliy Ittifoq va “Tolibon” harakati vakillari ham ishtirok etgan edi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Afg‘onistondagi nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etishning asosiy prinsiplari haqidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi va u Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 54-sessiyasi va BMT Xavfsizlik Kengashining rasmiy hujjatiga aylandi.

Shu munosabat bilan biz Afg‘oniston bilan umumiy kelajagimiz, afg‘onistonlik birodarlarimizni ham, bizni ham birdek tashvishga solayotgan masalalar haqida gapirish uchun barcha asoslarga, siyosiy va ma’naviy huquqqa egamiz.

Aynan mana shuning uchun ham O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlarini bizning bu ezgu ishdagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etadi.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p qirrali va murakkab masalalar mintaqa va xalqaro miqyosda keng muhokama qilinmoqda.

Bu o‘rinda Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy inqirozni hal etish yo‘llarini topish maqsadida tashkil etilgan Kobul jarayoni, Moskva formati, Xalqaro muloqot guruhi, “Osiyo yuragi” deb nomlangan Istanbul jarayoni, “ShHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi va boshqa ko‘p tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazovordir.

O‘zbekiston Kobul jarayoni doirasidagi ikkinchi majlis ishtirokchilarining Afg‘oniston hukumati bilan “Tolibon” harakatining “oldindan shart qo‘ymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik” asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ammo tinchlik sari harakatning eng asosiy sharti, bizningcha, avvalo, mintaqa va global darajada kelishilgan, Afg‘oniston uchun yagona keng qamrovli tinchlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.

Shundan kelib chiqqan holda, bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lishi lozim:

birinchi – afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etishning asosiy tamoyillarini ishlab chiqish va ular bo‘yicha keng va qat’iy xalqaro konsensus – murosaga erishish;

ikkinchi – Afg‘oniston hukumati va qurolli muxolifat o‘rtasida muzokaralarni boshlash mexanizmini ishlab chiqish;

uchinchi – Afg‘onistonda milliy kelishuv jarayoniga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘mak berish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish.

Va nihoyat, barcha manfaatdor tashqi kuchlarning qurolli muxolifatdan Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar stoliga o‘tirishini, qarama-qarshilik va zo‘ravonlikka chek qo‘yishni qat’iy va bir ovozdan talab qilishi beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Bizning fikrimizcha, bugungi uchrashuvimizning bosh g‘oyasi shundan iborat.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Afg‘onistondagi nizolar g‘oyat murakkab va qarama-qarshi xususiyatga ega ekanini, ularga turli kuchlar jalb etilganini e’tiborga olgan holda, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolutsiyasidan kelib chiqib, keng qamrovli tinchlik jarayonini uchta o‘zaro bog‘liq darajada amalga oshirishni ta’minlash muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Afg‘oniston mamlakati darajasida – markaziy hukumat va qurolli muxolifatning asosiy kuchlari, birinchi navbatda, “Tolibon” harakati o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlashni ta’minlash zarur.

Tomonlarning bir-biriga nisbatan savollari va talabi bo‘lajak muzokaralarda muhokama qilinishi mumkin.

O‘z-o‘zidan ravshanki, Afg‘oniston ichidagi siyosiy jarayonlarni boshlashni endi orqaga surib bo‘lmaydi. Bu jarayonni cho‘zish yana ko‘plab begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi.

Tinchlik jarayonining muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun afg‘onistonliklarning o‘zlariga tashabbus ko‘rsatish, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi bo‘yicha tanlash imkonini berish kerak.

Bu o‘rinda gap, avvalo, qurolli muxolifat tomonidan ham, Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlari tomonidan ham jangovar harakatlar olib borishdan voz kechilishi va o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga so‘zsiz rioya qilinishi haqida bormoqda.

Afg‘onistonning kelgusidagi tinch taraqqiyoti uchun umumiy mas’uliyatni his etgan hamda o‘zbek va afg‘on xalqining azaliy do‘stlik aloqalariga tayangan holda, biz O‘zbekiston hududida tinchlik jarayonlarining istalgan bosqichida Afg‘oniston va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Muxolifat tinch muzokaralarda ishtirok etadigan va milliy kelishuvga erishilgan taqdirda Afg‘onistonning siyosiy hayotiga muxolifatning integratsiyalashuvi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarur bo‘ladi.

Qurolli muxolifat vakillari, jumladan, toliblar ham afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z mamlakati kelajagini belgilash uchun ovoz berish huquqiga ega.

Bu borada mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlarigacha bo‘lgan davrda afg‘onlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni boshlash va shu tariqa jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, muxolifatdagi kuchlarga ham yangi Afg‘oniston davlatini qurishda to‘laqonli ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratish g‘oyat muhimdir.

Mintaqaviy darajada – avvalo Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan tomonlar o‘rtasida mustahkam kelishuvni ta’minlashga erishish zarur.

Afg‘onistonda iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq bir qator jiddiy muammolarni hal etish ko‘p jihatdan unga qo‘shni bo‘lgan davlatlarga, bizning ezgu xohish-irodamiz, qat’iy qarorimiz va bu mamlakatda milliy yarashuvni ta’minlash, zo‘ravonlikka barham berishda faol ishtirok etishga qanchalik tayyor ekanimizga bog‘liqligini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Barcha qo‘shni va hamkor mamlakatlarning sa’y-harakatlari bir-birini takrorlamasligi, balki to‘ldirishi kerak. Biz bu muammoni hal etish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlar, yondashuv va mexanizmlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Shu yilning yanvar oyida BMTning Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblari ta’kidlaganidek, mintaqaviy hamkorlikning yangi jadal sur’atlari “umumiy, allaqachon pishib yetilgan va dolzarb vazifalarni hal etish bo‘yicha barchamizning oldimizda katta imkoniyatlar ochadi”.

Biz endi Afg‘onistonga uning hududidan tinchlik va barqarorlikka tahdid solmaydigan davlat sifatida qaray boshlashimiz kerak. Afg‘oniston – bizning do‘stona hamkorimiz va qo‘shnimizdir.

Ishonamanki, Afg‘onistonni qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalar tizimiga jalb etish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarimiz bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va uni tinch hayotga qaytarish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shadi.

Hech shubhasiz, oxir-oqibatda afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatilishi bepoyon Yevroosiyo qit’asidagi barcha davlatlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va real naf keltiradi. Bu umumiy xavfsizlik va barqarorlikni mutahakamlash, avtomobil va temir yo‘llari qurish, tabiiy resurslarni tashiydigan quvurlar o‘tkazish, mintaqaviy va transmintaqaviy savdo-sotiqning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Imkoniyatdan foydalanib, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun O‘zbekiston imkon darajasida hissa qo‘shayotganini qayd etmoqchiman.

Biz 2002-yildan buyon Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib bermoqdamiz. Surxon – Puli – Xumri yangi elektr tarmog‘ining ishga tushirilishi bilan O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin ortadi.

Biz birgalikda yana bir strategik loyihani amalga oshirish taklifini ilgari surmoqdamiz. Bu o‘zbek mutaxassislari tomonidan qurilgan va hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish loyihasidir.

Bu loyiha Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash uchun aniq va amaliy hissa bo‘lib qo‘shiladi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi.

Transafg‘on transprot-kommunikatsiya loyihalari bo‘yicha ishlarning shu kabi katta ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekiston –Turkmaniston – Eron – Ummon” va “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” kabi boshqa mintaqaviy loyihalar bilan uzviy bog‘liq holda boshlangani Shimoldan Janubgacha hamda Sharqdan G‘arbgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda qit’alararo transport koridorlarini eng qisqa yo‘llar bilan rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi.

Gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda. Shu yilning yanvar oyidan boshlab Afg‘onistonga chegaradosh Termiz shahrida maxsus tashkil etilgan Afg‘on fuqarolariga ta’lim berish markazi ish boshladi. Hozirgi kunda bu maskanda 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yigit-qizlar ta’lim olmoqda.

Biz mazkur markazda afg‘on mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ixtisoslik va yo‘nalishlar sonini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Global darajada – dunyoning yetakchi, buyuk davlatlari va donor tashkilotlar tomonidan Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlari prinsipial jihatdan siyosiy qo‘llab-quvvatlanishi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash zarur. Ularning yordami tufayli mamlakat tinch rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Bugungi Afg‘oniston – bundan atigi yigirma yil oldingi mamlakat emas.

Ochiq demokratik saylovlar o‘tkazilgan paytdan boshlab bu yurtda davlat qurilishining yangi davri boshlandi, oddiy afg‘on fuqarolari hayotida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Mamlakat hukumati aholini ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmati bilan keng qamrab olishga muvaffaq bo‘ldi. Bularning barchasi afg‘on xalqining tinch-osoyishta hayot va taraqqiyot sari intilayotganidan dalolat beradi.

Yaqin ikki yil ichida Afg‘onistonda muhim siyosiy voqealar – parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu voqealar mamlakat barqaror demokratik taraqqiyot yo‘lidan izchil ilgarilab borayotganining tasdig‘i bo‘lishi lozim.

Hurmatli do‘stlar!

Barchamiz bir haqiqatni anglab olishimiz zarur: biz bugun faqatgina Afg‘onistonning kelajagi uchun emas, balki umumiy xavfsizligimiz, terrorizm, fanatizm va zo‘ravonlikdan xoli dunyo uchun kurashmoqdamiz.

Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Umumiy mas’uliyatimizni doimo yodda tutishimiz lozim.

Afg‘onistonda tinchlikka erishish vazifasi bugungi kunda global xavfsizlik va taraqqiyot uchun tom ma’noda misli ko‘rilmagan xatarga aylangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan uzviy bog‘liqdir.

Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, barcha tashqi kuchlar afg‘on hukumatining Afg‘onistonda xorijiy terroristik tashkilotlarning bazalarini yo‘q qilish borasidagi sa’y-harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi, hech qanday farqlarga qaramasdan, terrorizmni moliyaviy va moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlashning oldini olishi o‘ta muhim ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega bo‘lib kelgan.

Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida, zo‘ravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozim.

O‘tgan yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklifini ilgari surgan edi.

Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga erishish, ularning o‘z qobiliyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.

Biz barcha xorijlik hamkorlarimizga islom dinining insonparvarlik mohiyatini aholi va ayniqsa, yoshlarga tushuntirish yo‘lida yaqin hamkorlikda ish olib borishni taklif etamiz.

O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekistonda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Islom akademiyasining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shuningdek, biz tashabbus tariqasida Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tashkil etishni taklif qilamiz.

Bundan ko‘zlanadigan asosiy maqsad – mamlakatda talab katta bo‘lgan sohalar bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlash, iste’dodli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya va grantlar ajratish borasida afg‘on tomoniga ko‘maklashishdan iborat.

Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jamiyatda ta’limning nufuzini oshirish va yoshlarning kamolotga intilishini rag‘batlantirish – bu barqaror va izchil taraqqiyotga erishish kafolatidir. Bularning barchasi, hech shubhasiz, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni zo‘ravonlik va radikalizm mafkurasidan himoya qilishda yordam beradi.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Ishonchim komil, ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi, amaliy ruhdagi muloqot va munozaralar, shuningdek, yakuniy Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha amaliy jihatdan ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi va tinchlik jarayonining o‘ziga xos “yo‘l xaritasi”ga aylanadi.

Mohiyat e’tiboriga ko‘ra sizlarning yordamingiz bilan afg‘on muammosining eng muhim jihatlari bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlarning siyosiy irodasi va o‘zaro anglashuvini o‘zida aks ettiradigan hujjat qabul qilinadi.

Afg‘onistonning kelajagi xalqaro hamjamiyatning barchamiz uchun umumiy bo‘lgan tahdid va xatarlarga qarshi kurashishga ojiz ekanini ko‘rsatadigan misolga aylanib qolmasligi lozim.

Bugun barchamiz birlashib, jafokash Afg‘oniston xalqiga tinchlik va taraqqiyot yo‘lida yordam qo‘lini cho‘zishimiz, uni qo‘llab-quvvatlashimiz har qachongidan ham muhimdir.

Barcha konferensiya ishtirokchilariga chin qalbimdan samarali ish olib borishlarini tilayman!

E’tiboringiz uchun rahmat.




O‘zbekiston Prezidenti “Jeneral Elektrik” kompaniyasi vitse-prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 15-fevral kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan AQShning “Jeneral elektrik” kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi.

“Jeneral elektrik” kompaniyasi jahonning ko‘p tarmoqli yetakchi korporatsiyalaridan biridir. Bugungi kunda energetika, mashinasozlik, aniq uskunasozlik, elektr texnikasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari, moliya va boshqa ko‘plab sohalarda faoliyat yuritadi.

Kompaniya dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda, uning korxonalarida 300 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 120 milliard dollardan ziyod daromad olgan.

Uchrashuvda “Jeneral elektrik” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyati kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda energetika infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilish, jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarini qurish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish, Pskom gidroelektr stansiyasini barpo etish, gaz yetkazish tizimini rivojlantirish borasida qator ustuvor loyihalar, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘shma dasturlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari energetika tarmog‘idagi o‘zaro manfaatli texnologik sheriklik hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda, jumladan, xorijning yetakchi mutaxassislari va ekspertlarini jalb qilgan holda, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ronald Jeyms Pollett Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda yuqori texnologiyali tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

“Jeneral elektrik” kompaniyasi mamlakatimiz korxona va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

O‘zA