Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchilariga 20 ta uy beriladi

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 13-maydagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur universitetda uch fakultet, o‘n ikkita kafedra mavjud.

O‘tgan vaqt mobaynida ushbu oliy ta’lim muassasasiga ajratilgan o‘quv binolari kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy sharoitlar yaratildi. Bugun universitetda 1 ming 100 talaba tahsil olmoqda, ularga fan doktorlari va PhD darajasiga ega yuqori malakali mutaxassislardan iborat o‘qituvchilar jamoasi dars bermoqda.

Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida mazkur universitet binolari foydalanishga topshirildi.

Universitetda ta’lim jarayoni to‘liq elektronlashtirilgan. Videokonferensiya zali, sinxron tarjima va ovoz yozish xonalari, axborot-resurs markazi zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan. Wi-Fi tarmog‘iga ulangan muloqot maskanlari, Alisher Navoiy dostonlaridagidek ko‘shklar tashkil etilgan.

Prezidentimiz universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. O‘qituvchi va talabalar bilan suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev Navoiy asarlarining multimediaviy lug‘atini yaratib, xalqimizga yetkazish, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, o‘zbek adabiyoti namunalarini chet tillarga tarjima qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ona tilimizning boyligini, unga hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan ko‘rsatishingiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev universitet mutaxassislari bilan suhbatda.

Prezidentimiz ularning ijtimoiy sharoitlari bilan ham qiziqdi. Universitet o‘qituvchilari uchun Toshkent shahridan 20 uy ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘zA




O‘zbekiston va Rossiya: strategik sheriklikning 25 yili

O‘zekspomarkazda 30-noyabr kuni shunday nomli tarixiy-hujjatli ko‘rgazma ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ikki mamlakat parlament a’zolari, vazirlik va idoralari rahbarlari, olimlar, diplomatik korpus vakillari, yurtdoshlarimiz va rossiyalik mehmonlar ishtirok etdi.

Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy-hujjatli ko‘rgazma tashkilotchilari va ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning qutlov so‘zini Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, Rossiya delegatsiyasi rahbari V.Chernov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisining o‘rinbosari I.Umaxanov, Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Tyurdenev va boshqalar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama rivojlanib borayotgani, ushbu ko‘rgazma strategik sheriklik va mustahkam do‘stlik aloqalarini yaqqol namoyon etishini ta’kidladi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan 20-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir-birlarini qutladilar.

Qutlovlarda ta’kidlanganidek, o‘tgan yillarda O‘zbekiston bilan Rossiya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Serqirra va ko‘p tomonlama munosabatlar rivojida salmoqli natijalarga erishildi.

Ko‘rgazmada ana shu natijalar, tarixiy hujjatlar o‘z ifodasini topgan. Ekspozitsiya yettita mavzuga bo‘lingan 300 ga yaqin eksponatni o‘z ichiga olgan.

Ulardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifiga bag‘ishlangan.

Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi. Oliy darajadagi muzokaralarda o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollari belgilab olindi. Hamkorlik sohalari kengaydi. Muloqotlar natijasida umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Bu voqea barcha darajadagi aloqalarga yangi sur’at bag‘ishladi. Delegatsiyalar tashrifi, ishbilarmon doiralar hamkorligi faollashdi.

Ko‘rgazma bloklaridan yana biri “Siyosiy muloqot” deb nomlangan. Unda bugungi diplomatik munosabatlarga asos solgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Rossiya Prezidentlari Boris Yelsin, Vladimir Putin va Dmitriy Medvedev bilan uchrashuvlari, imzolangan qo‘shma bayonot va shartnomalar suratlari aks etgan.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir ikki yuzdan ziyod hujjat qabul qilingan. 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ularning eng muhimlaridir. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Ko‘rgazmada ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikka alohida o‘rin berilgan.

O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy aloqalar asosiy o‘rinda turadi. Mamlakatimizda Rossiya investitsiyalari ishtirokida tuzilgan 960 dan ziyod korxona, Rossiyada esa O‘zbekiston sarmoyadorlari ishtirokida tashkil etilgan qariyb 570 korxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda ushbu mamlakatning 64 yetakchi firma va kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan.

O‘zaro savdo hajmi jadal ortib bormoqda – yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshgan.

Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida neft-gaz va neft-kimyo sohalari, metallurgiya, mashinasozlik, elektr texnikasi sanoati, farmatsevtika, agrosanoat, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ikki davlat hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik kengayib bormoqda.

Yana bir ekspozitsiya harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikka bag‘ishlangan.

O‘zbekiston va Rossiya tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, mintaqaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida ham izchil hamkorlik qilib kelmoqda. Turli yillarda terrorizmga qarshi qo‘shma taktik mashqlar o‘tkazilgan. Joriy yil oktabrda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi. Sentabr oyida Toshkent shahrida ikki mamlakat Xavfsizlik kengashlari apparatlari o‘rtasida navbatdagi maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikka bag‘ishlangan bo‘limda ushbu sohadagi mustahkam aloqalar o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekiston bilan Rossiyaning fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport, turizm sohalaridagi hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat xalqlari bir-birining madaniyati va adabiyotiga hurmat bilan qaraydi. Moskva shahrida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali, Toshkent shahrida rus shoiri Aleksandr Pushkin haykali qad rostlagan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari ochilgan.

2016-yil O‘zbekistonda Rossiya kunlari, joriy yil Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi arafasida Moskvadagi A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida mamlakatimizning I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi eksponatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Bu yil Toshkent yeparxiyasining 145 yilligi nishonlandi. Unda ishtirok etish uchun Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill yurtimizga tashrif buyurdi.

“Umumiy tarixning muhim davrlari” deb nomlangan qismda Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonlik askarlarning qahramonliklari, yurtimizga evakuatsiya qilingan rossiyaliklarning hayoti va faoliyati, xalqimizning front ortidagi mashaqqatli mehnati, 1966-yilda Toshkentda ro‘y bergan zilziladan keyingi tiklanish ishlari aks ettirilgan.

“Zamonaviy O‘zbekiston” deb nomlangan bo‘limda mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti, iqtisodiy va madaniy boyliklari, turizm salohiyati namoyon bo‘lgan.

– Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘zaro hurmat, umumiy maslak, tarixiy xotiralar bilan bog‘langan, – dedi Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisining o‘rinbosari I.Umaxanov. – 1970-yil mening ona yurtim Dog‘istonda dahshatli zilzila bo‘lganda o‘zbekistonlik quruvchi va ishchilar birinchi bo‘lib yetib borgan. Mahachqal’ada ular bunyod etgan maskanni hozir ham xalqimiz “O‘zbek shaharchasi” deb ataydi. Bunday mehr-oqibat, hamjihatlik biz tengilar uchun ulkan saboq va ibrat bo‘lgan. Shunday do‘stlik ruhini avloddan avlodga yetkazish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni izchil mustahkamlash juda muhim. Ushbu ko‘rgazmada umumiy tariximiz va bugungi aloqalarimiz namoyon bo‘lgani bizda katta taassurot qoldirdi.

Ko‘rgazma doirasida yana bir voqea bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Galina Melnikova Rossiya Federatsiyasi Prezidentining shu yil 27-noyabrdagi farmoniga muvofiq, Rossiyaning “Drujba” (Do‘stlik) ordeni bilan taqdirlangan edi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i V.Chernov Galina Melnikovaga ushbu mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

Ko‘rgazma bir oy davom etadi.

* * *

Shu kuni Moskva davlat universitetining Toshkent filialida “O‘zbekiston va Rossiya strategik sherikligining yangi ufqlari: iqtisodiyot, xavfsizlik, ijtimoiy muloqot” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbarlari, Rossiya delegatsiyasi a’zolari nutq so‘zladi. Akademiklar, tarixchi va siyosatshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining ma’ruzalari tinglandi.

Tadbirda O‘zbekiston bilan Rossiya sherikligining turli jihatlari – tarixiy bosqichlar, siyosiy muloqotlar natijalari, iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari, madaniy-gumanitar aloqalar istiqbollariga doir masalalar muhokama qilindi.

O‘zA




O‘zbekistonning bebaho ma’naviyat xazinasi dunyo jamoatchiligi e’tiborida

Poytaxtimizda 28-noyabr kuni “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzuida xalqaro media-forum boshlandi.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, YuNESKO hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning (Germaniya) mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, dunyodagi yetakchi muzey, kutubxona, ilmiy institutlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgani tarixdan ma’lum. Ular yaratgan nodir asarlar bugun ham ma’naviy hayotimizning asosi, fundamental tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar uchun manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Media-forumning ochilishida O‘zbekiston Respubikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi D.Badarch mamlakatimizda tarixiy-madaniy merosni har tomonlama chuqur o‘rganishga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash va chuqur o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2017-yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning boy madaniy merosiga oid noyob manbalar dunyodagi ko‘plab muzeylar, ilmiy-tadqiqot institutlari, galereyalar va arxiv fondlarida saqlanmoqda. Ularni izlab topish va xalqimizga yetkazish maqsadida “O‘zbekiston madaniy merosi” media-loyihasi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro forum doirasida loyihaning “Sharq yozma yodgorliklari durdonalari” nomli yangi turkumi taqdimoti o‘tkazildi.

Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti va Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni”, “Me’rojnoma”, “Temur tuzuklari”, “Devoni Husayn Boyqaro”, “Ravzatus-Safo” (Poklik bog‘i) qo‘lyozmalarining faksimile nusxalari O‘zbekistonga topshirilishi tadbirning muhim voqeasi bo‘ldi. Ushbu nusxalar qo‘lyozmalarning asliga juda yaqin, oltin qoplamali qog‘ozda bitilgan.

– Ushbu asarlar Sharq uyg‘onish davrining bebaho namunalaridir, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Komiljon Rahimov. – “Katta Langar Qur’oni” VIII asr oxirlarida kufiy-hijoziy xatida bitilgan, dunyoga mashhur “Usmon Mushafi”ning nodir nusxalaridan. Temuriylar sulolasi vakili Husayn Boyqaro qalamiga mansub “Devoni Husayn Boyqaro” nafis miniatyuralar bilan bezatilgan. Tarixchi Mirxondning “Ravzatus-Safo” asarida payg‘ambarlar, Sharqda hukmronlik qilgan sulolalar tarixi hikoya qilinadi. Ushbu loyiha Prezidentimizning noyob tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini Vatanimizga qaytarish borasidagi xayrli tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotgani quvonarli.

Shu yil may oyida “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzuidagi xalqaro ilmiy-madaniy kongressida “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasining ilk taqdimoti o‘tkazilgan edi.

Anjumanda ushbu turkumga kiruvchi navbatdagi beshta kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur to‘plamlar O‘zbekistonning boy madaniy merosi durdonalari haqida hikoya qiladi. Xususan, VI jild Rossiyaning M.Glinka nomidagi muzeyida saqlanayotgan yurtimizning noyob musiqa asboblari va nota yozuvlariga bag‘ishlangan bo‘lsa, VII jild Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti yozma merosi to‘plamlaridan joy olgan qimmatbaho yodgorliklarimizga oid ma’lumotlarni taqdim etadi. Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji, Davlat tarixi hamda Butunrossiya amaliy bezak va xalq san’ati muzeylaridagi xalqimiz madaniyati va tarixi bilan bog‘liq eksponatlar to‘plamning VIII va X jildlaridan o‘rin egallagan. I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyidagi madaniy merosga bag‘ishlangan albom (IX jild) ilk bor chop etildi. Kitob Turkiston avangardining noyob asarlari haqida guvohlik beradi.

Tadbirda ushbu to‘plamlar 49 mamlakatdan kelgan 136 muzey va kutubxona vakillariga topshirildi.

AQShning Hofstra universiteti professori A.Naymarkning qayd etishicha, mazkur yirik media-loyiha O‘zbekiston madaniy merosini dunyoga keng yoyish, xalqaro madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, loyiha qamrovini yanada kengaytirish, yangi nashrlar tayyorlash ustidagi hamkorlikni davom ettirish zarur.

Tadbirda 2018-yilda chop etilishi rejalashtirilgan kitob-albomlar va filmlar haqida ham ma’lumot berildi. Kitoblar O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya, Turkiya va Yaponiyadagi fondlarda saqlanayotgan, yurtimizning nodir osori-atiqalariga bag‘ishlanadi.

Media-forumning birinchi kunida O‘zbekiston hududida turli madaniyatlar va badiiy an’analar, jahon kolleksiyalarida O‘zbekiston san’ati kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Yaponiyalik olimlarning muzey eksponatlari yoshini aniqlash bo‘yicha yangi texnologiyalar haqidagi taqdimoti ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.

Rossiyaning “Kultura” telekanali tomonidan taqdim etilgan “O‘zbekiston: kashf etilgan sinoatlar” hujjatli filmi qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. O‘tgan asrning 20-yillarida mamlakatimizda yozib olingan noyob audioyozuvlar ilk bor eshittirildi. Ular Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburg shahri Rus adabiyoti instituti (Pushkin uyi) fondlarida saqlab kelinmoqda.

San’at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, folklor namunalari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

O‘zA




Qishloq xo‘jaligi uskunalari va oziq-ovqat sanoati texnologiyalari namoyishi

“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashtirilgan “UzAgroExpo – 2017” hamda “UzProdExpo – 2017” XIII xalqaro ko‘rgazmalari boshlandi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “IEG Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Germaniya, Rossiya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Finlyandiya, Gollandiya, Hindiston, Belarus, Latviya, Ukraina va Qozog‘iston kabi davlatlardan 120 kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

– Bunday ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy mini-texnologiyalarni keng jalb qilish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Muhammadjon Qosimov. – Ayni vaqtda mamlakatimizda yaratilgan qulay sharoit va imtiyozlar, dexqonu fermerlarning fidokorona mehnati tufayli barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan har yili mo‘l va sifatli hosil yetishtirilmoqda. 180 dan ortiq turdagi meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar eksport qilinayotgani buning isbotidir.

“UzAgroExpo – 2017” ko‘rgazmasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, veterinariya texnologiyalari va mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va tashishga ixtisoslashgan korxona-tashkilotlar mahsulotlari namoyish etilmoqda. Qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarining keng ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Yer egalari Germaniya, Rossiya, Belarus kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ishtirokchilar orasida mamlakatimiz kompaniyalari sonining oshganida ham namoyon bo‘lmoqda. Zero, ularning umumiy ekspozitsiyadagi ulushi 40 foizni tashkil etmoqda. Yo‘l-qurilish, qishloq xo‘jaligi, kommunal tarmoq va boshqa sohalar texnikasining yangi turlarini ishlab chiqaruvchi «Amkodor- Agrotexmash» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Belarus qo‘shma korxonasi, premikslar, ozuqa va ko‘shimchalar ishlab chiqaruvchi ?mkon Rremix», qishloq xo‘jaligi texnikasini sotishga ixtisoslashgan «Agrotechsystem», innovatsion veterinariya preparatlari, vaksinalar, antibiotiklar, vitamin va dezinfeksiyalovchi vositalar tayyorlovchi «Mirta investment consulting service» korxonalari shular jumlasidandir.

– «Chirchiq Mash Agro» korxonasidan lazerli yer tekislash uskunasi xarid qilish uchun shartnoma imzoladik, – deydi Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Hasanboy Xo‘jaqulov. – Ayni paytda haydalmagan yerga ishlov berish jarayonida lazerli tekislash uskunasidan foydalanish ishlari kengaymoqda. Buning afzalligi yer tekis bo‘ladi, suv bir maromda tarqaladi, hosildorlik 20 foizga oshadi.

Mamlakatimizda intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rgazma doirasida intensiv bog‘lar uchun mevali daraxt va dekorativ o‘simliklar ko‘chatlari namunalari Gollandiya, Turkiya, Qozog‘iston kompaniyalari stendlarida namoyish etilmoqda.

– Biz mahalliy iqlim sharoitimizga moslashtirilgan yong‘oq, bodom, pista va zaytunning zamonaviy plantatsiyalarini yaratish dasturini ishlab chiqdik, – deydi Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi texnologi Ilyos Haydarov. – Fermerlarga yong‘oqzorlar tashkil qilishda amaliy ko‘mak berayotirmiz. Hozir Samarqand viloyati Jomboy tumanida 500 gektarlik yong‘oqzor barpo etildi. Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida yerlar tayyorlanmoqda. Laboratoriya qurilmoqda, unda 2018-yildan boshlab chetdan keltirilgan yong‘oq navlarini klonlashtirishni yo‘lga qo‘yamiz.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlarining izchil amalga oshirilishi, sohaning davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlanishi xo‘jaliklarda qoramol sonini sezilarli darajada oshirish, ichki iste’mol bozorini chorvachilik mahsulotlari bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Xususan, chorvachilik sohasida joriy yilning to‘qqiz oyida 43 ming boshdan ortiq qoramol boqish bo‘yicha 1 ming 257 loyiha amalga oshirilib, qariyb 3 ming 500 ish o‘rni yaratildi.

Ko‘rgazmalardan parrandachilik uskunalari ham keng o‘rin olgan. Misol uchun, parranda yetishtirish uskunalarini «Tavsan Roultry Yequipment» kompaniyasi (Turkiya), tovuq, jo‘ja va bedana uchun katakli uskunalarni «Zucami poultry equipment» kompaniyasi (Ispaniya), nasldor qoramollarni, sutni qayta ishlash uskunalari, tuxum va broyler parranda fabrikalari uchun uskunalarni «Van der ploed international V.V» kompaniyasi (Gollandiya) taklif etmoqda.

“UzProdExpo – 2017” ko‘rgazmasida har yili oziq-ovqat sanoati va qayta ishlash sanoatining barcha tarmoqlari uchun asbob-uskunalar namoyish etiladi. «Oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskunalar va texnologiyalar» bo‘limida Turkiya kompaniyalari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida qo‘llaniladigan, ho‘l meva-sabzavotlarni muzlatish, quritish va konservalashdan tortib, qadoqlashgacha bo‘lgan liniyalarni, yog‘-moy ishlab chiqarish uskunalarini xitoylik ishlab chiqaruvchilar namoyish etmoqda.

– O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli aholi soniga mos ravishda qayta ishlash sanoati ham yuksalib borayotganiga guvoh bo‘layotirmiz, – deydi Rossiyaning «Prodinvest» kompaniyasi tijorat direktori Vladimir Rudenia. – Shu bois biz ham hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Hozir kompaniyamiz dunyoning 20 dan ortiq mamlakatiga sut ingrediyentlari, oziq-ovqat va yem sanoati uchun yirik hajmdagi qo‘shimchalar yetkazib beradi. Shuningdek, sutni qayta ishlashga mo‘ljallangan ikkita ishlab chiqarish korxonamiz bor.

Oziq-ovqat bozorlari, yirik savdo markazlari, omborxona egalariga do‘kon va supermarketlarni «tayyor holda topshirish» avtomatlashtirilgan tizimlari, meva-sabzavot omborlari, sarxillash va qadoqlash markazlari, muzlatish kameralari uchun uskunalar, sovutish qurilmalari qiziqarli bo‘lishi tayin. Bu mahsulotlarni Gollandiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya kompaniyalari stendidan topish mumkin.

Ko‘rgazmalar doirasida «Qishloq xo‘jaligida va oziq-ovqat sanoatida samarali biznes yuritish uchun Novosibirsk viloyatining ilg‘or kompaniyalaridan texnologiyalar», «O‘zbekistonda yong‘oqchilikni rivojlantirish» mavzularida ilmiy-amaliy seminar o‘tkaziladi. Unda bog‘dorchilik, sabzavotchilik va asalarichilikda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish masalasi muhokama qilinadi.

O‘zA




Toshkentda “Sement sanoati va bozori” XV xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiya Federatsiyasining “Biznes Sem” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan forumda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Armaniston, Hindiston, Qozog‘iston, Ukraina kabi davlatlardan yetakchi kompaniya va firmalar vakillari, mutaxassislar ishtirok etmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari T.Muhammadjonov va boshqalar mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, yuqori sifatli qurilish materiallariga talab ortib borayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda deyarli barcha turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilayotir. Energiya tejamkor va samarador texnologiyalarni joriy qilish orqali import o‘rnini bosadigan va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar turini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sement sanoati ham izchil modernizatsiya qilinmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 14 sement zavodi faoliyat yuritmoqda. 2010-2016-yillarda ularda ishlab chiqarish hajmi 1,25 barobar oshib, yiliga 9 million tonnaga yetgan. Kelgusida 10 million tonna sement tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

“Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati yurtimizdagi yetakchi korxonalardan biri. Bu yerda yiliga qariyb 3,5 million tonna sement tayyorlanadi. Shuningdek, “Ohangaronsement”, “Quvasoysement” va “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatlarida 4 million tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqarilayotir. Har yili yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda “Qoraqalpoqsement”, Farg‘onada “Yaypanshifer” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari foydalanishga topshirilgani fikrimiz dalilidir.

– Biz O‘zbekiston bilan sement ishlab chiqarish sohasida uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelamiz, – deydi “DAL Teknik Makina” kompaniyasining mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi o‘rinbosari Lina Dyurak (Turkiya). – Hamkorligimiz doirasida Jizzax sement zavodi qurib foydalanishga topshirilgan edi. Hozirgi kunda Surxondaryoda yillik quvvati 1,5 million tonna bo‘lgan yana bir sement zavodi qurilayotir. O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhitidan unumli foydalanib, Olmaliqda metall ishlab chiqarish zavodi qurilishiga sarmoya kiritganmiz.

Konferensiyada O‘zbekiston sement sanoatining texnologik liniyalarini modernizatsiya qilish, yangi sement zavodlari qurishda energiya tejamkor uskunalardan foydalanish, sement tayyorlash jarayonida is gazi ajralib chiqishini kamaytirish mavzularida ma’ruzalar tinglandi. 2018 yilda qurib bitkazilishi rejalashtirilgan 4 ta sement zavodini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Sohaga ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

– Yangi konlarni o‘zlashtirish va mavjudlaridan samarali foydalanish ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi “Thyssenkrupp Industrial Solutions” kompaniyasi menejeri Valdemar Klassen (Germaniya). – O‘zbekistonda bu borada izchil ishlar olib borilmoqda. Kompaniyamiz tog‘-kon sanoatida ishlatiladigan zamonaviy texnika va uskunalar ishlab chiqaradi. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur konferensiya ishlab chiqaruvchi va xaridorlar o‘rtasida manfaatli hamkorlikni kengaytirish, sohadagi yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish imkonini beradi.

Tadbirda dunyoga mashhur “AUMUND”, “GeoCon GmbH”, “Refrotenik Cement GmbH”, “Haver&Boecker”, “Thyssenkrupp Industrial Solutions”, “FLSmidth A/S”, “Fundiciones Del Estanda”, “Dal Teknik Makina” kabi bir qancha yirik kompaniyalarning sement sanoati uskunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Konferensiya doirasida xorijlik mutaxassislar “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishadi.

Poytaxtimizda yettinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya mamlakatimiz sement sanoatini har tomonlama rivojlantirish, sohaga investitsiya jalb etish orqali mavjud ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish, tarmoqni rekonstruksiya va modernizatsiya qilishdagi hamkorlik istiqbollarini belgilab olishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zA




Toshkent metropoliteni 40 yoshda

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati “Temiryo‘lchilar” markaziy madaniyat saroyida Toshkent metropoliteni qurib foydalanishga topshirilganiga 40 yil to‘lishi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, soha xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari, «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi boshlig‘i O.Xudoyqulov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida transport sohasi, jumladan, metropolitenni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bundan 40 yil avval ko‘hna Toshkent rivojlangan zamonaviy shaharlar qatoridan o‘rin egalladi. Murakkab davrda respublika rahbariyati, xususan, buyuk davlat arbobi Sharof Rashidovning tashabbusi bilan O‘rta Osiyoda yagona Toshkent metropoliteni bunyod etildi. Ko‘p yillik mashaqqatli mehnat samarasida 1977 yilning 7 noyabr kuni birinchi metro qat’iy jadval bo‘yicha harakatlana boshladi.

Mamlakatimiz transport tizimida muhim o‘rin tutadigan Toshkent metropoliteni qulayliklar yaratish, yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod liniyalaridan iborat Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 39 kilometrni tashkil etadi. Metropoliten 29 bekatdan iborat. Ushbu transport xizmatidan kuniga 200 mingga yaqin yo‘lovchi foydalanadi.

– Toshkent metropolitenini nafaqat qulay va ishonchli transport, balki betakror san’at asari darajasida qurilgan nafis va ko‘rkam, orasta va shinam yer osti qasri deyish mumkin, – deydi «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi Chilonzor elektrodeposi fuqaro muhofazasi bo‘yicha muhandisi Mavluda Asomova. – O‘zim guvohman, O‘zbekistonga kelgan xorijlik mehmonlar Toshkent metropolitenining jozibasi va chiroyidan hayratga tushishadi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan muddat davomida 4 milliarddan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Toshkent metropoliteni bekatlarini loyihalashda eng malakali arxitektorlar, rassom va me’morlar ishtirok etgan. Mustaqillik yillarida metropoliten chiroyli tashqi va ichki dizayn, qulay va yuqori xavfsizlik tizimiga ega bo‘lgan vagonlar bilan ta’minlanmoqda. Bu borada Toshkent yo‘lovchi vagonlari qurish va ta’mirlash zavodida metro vagonlarini kapital ta’mirlash, qayta tiklash, ularning xizmat ko‘rsatish muddatini uzaytirish ishlari samarali amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash kerak.

Aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olib, Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasining ikkinchi bosqichi qurilishi loyihasi, Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish, shuningdek, Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasi barpo etish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda.

Jumladan, yuqori sifatda barpo etilayotgan Sergeli yo‘nalishi avvalgilaridan farqli ravishda yer ustida harakatlanadi. Metro shaharning rivojlanish rejalari, yo‘lovchilar oqimi, turar joy mavzelari, ishlab chiqarish, savdo va dam olish maskanlari joylashuvi, muhandislik-geologik sharoitlarni inobatga olgan holda qurilmoqda. Yo‘nalish to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasini barpo etish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyiha bo‘yicha bunyod etiladigan metroning umumiy uzunligi 54 kilometr bo‘lib, uning 51 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi. 2 kilometri yer ustida quriladi. Mazkur loyiha besh bosqichda amalga oshirilib, 2020 yilda to‘liq foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda ko‘p yillik mehnat faoliyati va ilg‘or tajribasi bilan namuna bo‘layotgan bir guruh metropoliten xodimlari faxriy yorliq va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandi.

Taniqli san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zA