LI UK XON: O‘ZBEKISTON MINTAQADA TINCHLIK VA BARQARORLIKNI MUSTAHKAMLASHGA KATTA HISSA QO‘SHMOQDA

image_pdfimage_print

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sheriklardir. Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning shu yil 27-29-may kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarda hamkorlikka oid 60 hujjat imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24-yilligi oldidan O‘zA muxbiri Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Li Uk XON bilan suhbatlashdi.

– Janob elchi, suhbatimiz O‘zbekiston mustaqilligining 24-yilligi arafasida o‘tmoqda. Mamlakatimizda istiqlol yillarida turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida o‘z fikringizni bildirsangiz.

– Geografik jihatdan qulay joylashgan O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasida muhim bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib, ulkan iqtisodiy salohiyat, malakali kadrlar, ishlab chiqarish quvvatlariga ega va tabiiy resurslarga boy davlatdir.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda barcha jabhalar – siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Buning samarasida mamlakatda barqarorlik ta’minlanmoqda, bozor iqtisodiyoti rivojlanmoqda, sanoat jadal taraqqiy etib, aholi hayot darajasi tobora yuksalmoqda.

Iqtisodiy soha haqida gapirganda shuni ta’kidlash kerakki, sanoat, infratuzilma va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani samarasida O‘zbekiston tayyor mahsulotlar eksport qiladigan mamlakatga aylanmoqda. “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” industrial zonalarining tashkil etilgani natijasida xorijiy investitsiyalar oqimi ko‘paydi, sanoatda ishlab chiqarish yuqori darajada rivojlanib borayotgani ushbu loyihalar samaradorligini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha oqilona siyosat yuritilayotgani tufayli ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Islom Karimovning 2015-yil 10-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimidagi nutqi menda katta taassurot qoldirdi. Prezident o‘z nutqida demokratik islohotlar, matbuot erkinligi, inson huquqlarini himoya qilish, sud tizimini yaxshilash, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, innovatsiyalarni yanada takomillashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy tadbirkorlikka erkinlik berish kafolatlarini kuchaytirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, korrupsiya va byurokratiyaga qarshi kurashish zarurligini ta’kidladi. Ushbu barcha ezgu maqsadlar yaqin vaqt ichida o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonaman.

– O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini qanday baholaysiz? Sizningcha, ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik jadal rivojlanmoqda?

– 1992-yil Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgach, mamlakatlarimiz ishonchli sheriklarga aylandi, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalarda keng ko‘lamli hamkorlik davom etmoqda.

Ikki davlat rahbarlarining tashriflari hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir. Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 2014-yilning iyun oyida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib aynan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zaro muzokaralar natijalari ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Islom Karimov shu yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangandan so‘ng birinchi bo‘lib Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan bordi. Mazkur tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar, shuningdek, biznes-forum va boshqa tadbirlar chog‘ida savdo, investitsiya, energetika, tabiiy resurslar, axborot texnologiyalari, moliya, qayta tiklanadigan energiya manbalari, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston energetikasi va boy tabiiy resurslari hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu sohalarni Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyalari, kapitali, boy tajribasi va nou-xausi bilan birlashtirish samarali natijalar bermoqda. Surg‘il konida hamkorlikda barpo etilayotgan qiymati 4 milliard AQSh dollariga teng Ustyurt gaz-kimyo majmuasi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bundan tashqari, suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaradigan «Uzbekistan GTL» zavodi, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi va energetika resurslarini rivojlantirish hamda qayta ishlash bilan bog‘liq va hayotga tatbiq etilayotgan boshqa qo‘shma loyihalar shular jumlasidan.

Transport, logistika, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalar ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridir.

– O‘zbekistonda tashkil etilgan industrial zonalar va xorijiy investorlar uchun ularda yaratilgan imkoniyatlar haqida ham fikringizni bildirsangiz.

– O‘zbekistonda xomashyo eksportini kamaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini ko‘paytirish maqsadida «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalarining tashkil etilgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, soliq, bojxona va boshqa valyuta to‘lovlari bo‘yicha taqdim etilayotgan imtiyozlarni yuqori baholayman. Ayni paytda Janubiy Koreya va O‘zbekiston ushbu industrial zonalarda turli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq Navoiy shahridagi aeroport modernizatsiya qilinib, uning bazasida xalqaro intermodal logistika markazi tashkil etilgani alohida e’tiborga molik. 2009-yilning yanvar oyidan Navoiy aeroporti «Korean Air» kompaniyasi boshqaruviga berildi.

Ayni paytda «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan Janubiy Koreya kompaniyalari ilg‘or texnologiyalarni joriy qilib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarayotir. Kelgusida qo‘shma loyihalarimiz ham o‘z samarasini berishiga ishonaman.

– Yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” X Xalqaro musiqa festivalida Janubiy Koreyadan ishtirok etadigan san’atkorlar haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Har ikki yilda Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan eng yirik markazlardan biri bo‘lgan ushbu shahar Sharq va G‘arb mamlakatlarining madaniy almashinuviga faol ko‘maklashgan. Mazkur o‘ziga xos festival turli xalqlarga o‘zining an’anaviy musiqa san’atini namoyish etish imkonini bermoqda.

Ayni paytda Janubiy Koreyada O‘zbekistonning boy madaniy merosi va tarixiy an’analariga qiziqish ortib borayotir.

O‘zbekiston xalqi she’riyat, ashula va san’atni yaxshi ko‘radi. Koreys xalqi ham azaldan she’riyat va adabiyotga qiziqadi. Bunday o‘xshashlik bir-birimizni yanada yaqinlashtirib, munosabatlarimizni mustahkamlamoqda.

Bu yilgi «Sharq taronalari» festivalida Janubiy Koreyaning «Pung Ryu» («Nafosat») ansambli qatnashib, an’anaviy koreys musiqasi namunalarini taqdim qiladi. Bu ansambl Angliya, Amerika, Xitoy va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro festivallarda ishtirok etgan. Mazkur festivalda ularning muvaffaqiyat qozonishiga umid qilamiz.

– Tinchlik va osoyishtalik – farovonlik va qut-baraka asosi, shunday emasmi?

– Markaziy Osiyoning yuragi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashga katta hissa qo‘shmoqda. Buning samarasida mintaqada siyosiy va iqtisodiy rivojlanishga erishildi.

Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishda O‘zbekiston faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidlashni istardim.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining o‘tgan yilgi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan BMT Bosh assambleyasida ilgari surilgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaning Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokoli yakdillik bilan imzolandi. O‘zbekiston tomonidan tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Fursatdan foydalanib, xalqingizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Istiqlol yillarida erishgan yutuqlaringiz bilan qutlayman va bundan buyon ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishishingizga tilakdoshman. O‘zbekistonga ravnaq, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________