Metroning Yunusobod yo‘li qurilishi tezlashtiriladi.

image_pdfimage_print

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Yunusobod tumanida bo‘ldi.

Toshkent shahrida so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan miqyosdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bugun poytaxtimiz tom ma’nodagi qurilishlar maydoniga aylandi. Yangidan-yangi inshootlar, korxonalar, tibbiyot va ta’lim muassasalari, sport majmualari, ravon yo‘llar, ko‘priklar, mahalla guzarlari, bozorlar, bog‘lar, xiyobonlar qurib, foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishi 2-bosqich qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Toshkent metropoliteni 40 yildan ortiq tarixga ega. U O‘rta Osiyoda yagona bo‘lib, 1977-yil noyabr oyida qat’iy jadval bo‘yicha harakatlana boshlagan.

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarni tashishdagi qulaylik va xavfsizlik nuqtai-nazaridan eng samarali transport vositasi hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu transport xizmatidan kuniga 200 mingga yaqin yo‘lovchi foydalanadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasining ikkinchi bosqichini bunyod etish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev qurilish ishlari bilan tanishar ekan, bu kabi murakkab jarayon nafaqat mablag‘, balki aqliy mehnat va yuksak mahorat, chuqur bilim va tafakkur, yuqori texnologiyalarni talab qilishini ta’kidladi.

Metroning tonnel asosini yaratish maqsadida 305 metrda beton ishlari bajarilgan va 330 ta yig‘ma temir-beton konstruksiyalari o‘rnatilgan. Tuproq ko‘chishini oldini olish uchun 128 ta beton ustun to‘liq o‘rnatilgan. Metroning yakuniy qismida “Turkiston” bekatini qurish ishlari olib borilmoqda.

Eng asosiy masala poytaxtimiz ko‘chalaridagi tirbandlikning oldini olish. Bunda metro eng qulay vositadir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Jamoat transporti harakatida rejali jadvalni shakllantirish kerak. Ya’ni avtobus ham, metro ham bir yo‘nalishda harakat qilmasligi, bir birini takrorlamasligi kerak. Buning uchun bekatlar bo‘yicha monitoring olib borish zarur.

Qurilishga 200 dan ortiq ishchi va muhandis, 40 ta texnika va mexanizm jalb etilgan. Metro qurilishiga Germaniyadan yer osti tonnelini qazish kompleksi olib kelinib, ushbu texnika Germaniyalik mutaxassislar bilan birga yig‘ilmoqda. Germaniyadan burg‘ulash va temir-beton qoziq qoqish texnikalari, 2 ta 220 tonnalik, 3 ta 70 tonnalik va Xitoydan 10 ta 50 tonnalik kranlar olingan.

Qurilayotgan metro uchastkasining uzunligi 2,9 kilometr bo‘lib, uni 2019-yilda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan.

Prezidentimizga metro bekatlarining ko‘rinishi, ularni zamonaviy va milliy an’analar asosida qurish va bezash bo‘yicha ma’lumot berildi. Metro qurilishida ishlatilayotgan texnikalar namoyish etildi.

Shu yerda Toshkent shahri bo‘ylab barpo etilayotgan yer usti metrosi qurilishi haqida ham ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev mutaxassislar bilan suhbatlashib, tegishli ko‘rsatmalar berdi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________