O‘zbekiston – Ozarbayjon: tadbirkorlikda yangi hamkorlik davri boshlanmoqda

image_pdfimage_print

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Ozarbayjon ishbilarmon doiralari vakillari va mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum tashkil etildi.

Tadbirda Ozarbayjonning qurilish, savdo, tibbiyot anjomlari, farmatsevtika, qadoqlash materiallari, matbaa, AKT kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalaridan 20 dan ortiq vakil, mahalliy korxona va kompaniyalarning 50 dan ortiq mas’uli ishtirok etdi.

Tarixiy qadriyatlari, dunyoqarashi, madaniyati o‘xshash ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchrashuvida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev, Ozarbayjon Tadbirkorlar uyushmalari milliy konfederatsiyasi prezidenti Mamed Musayev va boshqalar ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yaqin kelajakda o‘z samarasini berishiga ishonch bildirdi.

Ta’kidlandiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilishi, valyuta siyosatining liberallashtirilishi, tadbirkorlik subyektlari uchun tekshiruvlarning keskin kamaytirilishi, kredit ajratishda soddalashtirilgan tartib joriy etilishi shular jumlasidandir.

O‘zbekistonda Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 84 korxona faoliyat yuritadi. Ulardan 71 tasi qo‘shma, 11 tasi to‘liq ozarbayjonlik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokidagi korxonalardir. Ushbu korxonalar savdo, mashinasozlik, metalni qayta ishlash, moliya, energetika, xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat va yengil sanoat kabi sohalarda faoliyat yuritmoqda.

Tadbirda bu ko‘rsatkichlar mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi. Ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor yangi qo‘shma korxonalar sonini hamda ikki tomonlama mahsulot aylanmasi hajmini oshirishga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Tadbirkorlar uyushmalari milliy konfederatsiyasi, “Neuron Technologies LLC” kompaniyasi mas’ul vakillari tadbirkorlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga doir takliflar bildirdi.

– O‘zbekistonda tadbirkorlik yaxshi rivojlanmoqda. Ayniqsa, ayollar tadbirkorligiga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarli, – dedi Ozarbayjonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Sabina Babayeva. – Biz ham to‘qimachilik va tibbiyot sohasida o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar bilan hamkorlik qilish maqsadida takliflar bilan keldik. O‘ylaymizki, o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar bilan oson til topishamiz va hamkorligimiz kutganimizdek rivojlanadi.

Biznes-forum yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ozarbayjon Tadbirkorlar uyushmalari milliy konfederatsiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

Xalqaro press-klub ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov va Ozarbayjon Tadbirkorlar uyushmalari milliy konfederatsiyasi prezidenti M.Musayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ikki mamlakat ishbilarmonlari hamkorlikdan birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi. Ozarbayjonlik ishbilarmon doiralar vakillarining O‘zbekistondagi yirik kompaniyalar bilan tanishishi, vazirlik va idoralarda uchrashuvlar tashkil etilishi, shuningdek, Samarqand va Buxoro kabi tarixi qadim shaharlarga sayohat uyushtirilishi rejalashtirilgani aytildi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________