O‘zbekistonning bebaho ma’naviyat xazinasi dunyo jamoatchiligi e’tiborida

Poytaxtimizda 28-noyabr kuni “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzuida xalqaro media-forum boshlandi.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, YuNESKO hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning (Germaniya) mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, dunyodagi yetakchi muzey, kutubxona, ilmiy institutlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgani tarixdan ma’lum. Ular yaratgan nodir asarlar bugun ham ma’naviy hayotimizning asosi, fundamental tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar uchun manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Media-forumning ochilishida O‘zbekiston Respubikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi D.Badarch mamlakatimizda tarixiy-madaniy merosni har tomonlama chuqur o‘rganishga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash va chuqur o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2017-yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning boy madaniy merosiga oid noyob manbalar dunyodagi ko‘plab muzeylar, ilmiy-tadqiqot institutlari, galereyalar va arxiv fondlarida saqlanmoqda. Ularni izlab topish va xalqimizga yetkazish maqsadida “O‘zbekiston madaniy merosi” media-loyihasi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro forum doirasida loyihaning “Sharq yozma yodgorliklari durdonalari” nomli yangi turkumi taqdimoti o‘tkazildi.

Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti va Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni”, “Me’rojnoma”, “Temur tuzuklari”, “Devoni Husayn Boyqaro”, “Ravzatus-Safo” (Poklik bog‘i) qo‘lyozmalarining faksimile nusxalari O‘zbekistonga topshirilishi tadbirning muhim voqeasi bo‘ldi. Ushbu nusxalar qo‘lyozmalarning asliga juda yaqin, oltin qoplamali qog‘ozda bitilgan.

– Ushbu asarlar Sharq uyg‘onish davrining bebaho namunalaridir, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Komiljon Rahimov. – “Katta Langar Qur’oni” VIII asr oxirlarida kufiy-hijoziy xatida bitilgan, dunyoga mashhur “Usmon Mushafi”ning nodir nusxalaridan. Temuriylar sulolasi vakili Husayn Boyqaro qalamiga mansub “Devoni Husayn Boyqaro” nafis miniatyuralar bilan bezatilgan. Tarixchi Mirxondning “Ravzatus-Safo” asarida payg‘ambarlar, Sharqda hukmronlik qilgan sulolalar tarixi hikoya qilinadi. Ushbu loyiha Prezidentimizning noyob tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini Vatanimizga qaytarish borasidagi xayrli tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotgani quvonarli.

Shu yil may oyida “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzuidagi xalqaro ilmiy-madaniy kongressida “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasining ilk taqdimoti o‘tkazilgan edi.

Anjumanda ushbu turkumga kiruvchi navbatdagi beshta kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur to‘plamlar O‘zbekistonning boy madaniy merosi durdonalari haqida hikoya qiladi. Xususan, VI jild Rossiyaning M.Glinka nomidagi muzeyida saqlanayotgan yurtimizning noyob musiqa asboblari va nota yozuvlariga bag‘ishlangan bo‘lsa, VII jild Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti yozma merosi to‘plamlaridan joy olgan qimmatbaho yodgorliklarimizga oid ma’lumotlarni taqdim etadi. Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji, Davlat tarixi hamda Butunrossiya amaliy bezak va xalq san’ati muzeylaridagi xalqimiz madaniyati va tarixi bilan bog‘liq eksponatlar to‘plamning VIII va X jildlaridan o‘rin egallagan. I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyidagi madaniy merosga bag‘ishlangan albom (IX jild) ilk bor chop etildi. Kitob Turkiston avangardining noyob asarlari haqida guvohlik beradi.

Tadbirda ushbu to‘plamlar 49 mamlakatdan kelgan 136 muzey va kutubxona vakillariga topshirildi.

AQShning Hofstra universiteti professori A.Naymarkning qayd etishicha, mazkur yirik media-loyiha O‘zbekiston madaniy merosini dunyoga keng yoyish, xalqaro madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, loyiha qamrovini yanada kengaytirish, yangi nashrlar tayyorlash ustidagi hamkorlikni davom ettirish zarur.

Tadbirda 2018-yilda chop etilishi rejalashtirilgan kitob-albomlar va filmlar haqida ham ma’lumot berildi. Kitoblar O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya, Turkiya va Yaponiyadagi fondlarda saqlanayotgan, yurtimizning nodir osori-atiqalariga bag‘ishlanadi.

Media-forumning birinchi kunida O‘zbekiston hududida turli madaniyatlar va badiiy an’analar, jahon kolleksiyalarida O‘zbekiston san’ati kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Yaponiyalik olimlarning muzey eksponatlari yoshini aniqlash bo‘yicha yangi texnologiyalar haqidagi taqdimoti ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.

Rossiyaning “Kultura” telekanali tomonidan taqdim etilgan “O‘zbekiston: kashf etilgan sinoatlar” hujjatli filmi qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. O‘tgan asrning 20-yillarida mamlakatimizda yozib olingan noyob audioyozuvlar ilk bor eshittirildi. Ular Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburg shahri Rus adabiyoti instituti (Pushkin uyi) fondlarida saqlab kelinmoqda.

San’at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, folklor namunalari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________