Qishloq xo‘jaligi uskunalari va oziq-ovqat sanoati texnologiyalari namoyishi

image_pdfimage_print

“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashtirilgan “UzAgroExpo – 2017” hamda “UzProdExpo – 2017” XIII xalqaro ko‘rgazmalari boshlandi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “IEG Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Germaniya, Rossiya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Finlyandiya, Gollandiya, Hindiston, Belarus, Latviya, Ukraina va Qozog‘iston kabi davlatlardan 120 kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

– Bunday ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy mini-texnologiyalarni keng jalb qilish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Muhammadjon Qosimov. – Ayni vaqtda mamlakatimizda yaratilgan qulay sharoit va imtiyozlar, dexqonu fermerlarning fidokorona mehnati tufayli barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan har yili mo‘l va sifatli hosil yetishtirilmoqda. 180 dan ortiq turdagi meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar eksport qilinayotgani buning isbotidir.

“UzAgroExpo – 2017” ko‘rgazmasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, veterinariya texnologiyalari va mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va tashishga ixtisoslashgan korxona-tashkilotlar mahsulotlari namoyish etilmoqda. Qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarining keng ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Yer egalari Germaniya, Rossiya, Belarus kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ishtirokchilar orasida mamlakatimiz kompaniyalari sonining oshganida ham namoyon bo‘lmoqda. Zero, ularning umumiy ekspozitsiyadagi ulushi 40 foizni tashkil etmoqda. Yo‘l-qurilish, qishloq xo‘jaligi, kommunal tarmoq va boshqa sohalar texnikasining yangi turlarini ishlab chiqaruvchi «Amkodor- Agrotexmash» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Belarus qo‘shma korxonasi, premikslar, ozuqa va ko‘shimchalar ishlab chiqaruvchi ?mkon Rremix», qishloq xo‘jaligi texnikasini sotishga ixtisoslashgan «Agrotechsystem», innovatsion veterinariya preparatlari, vaksinalar, antibiotiklar, vitamin va dezinfeksiyalovchi vositalar tayyorlovchi «Mirta investment consulting service» korxonalari shular jumlasidandir.

– «Chirchiq Mash Agro» korxonasidan lazerli yer tekislash uskunasi xarid qilish uchun shartnoma imzoladik, – deydi Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Hasanboy Xo‘jaqulov. – Ayni paytda haydalmagan yerga ishlov berish jarayonida lazerli tekislash uskunasidan foydalanish ishlari kengaymoqda. Buning afzalligi yer tekis bo‘ladi, suv bir maromda tarqaladi, hosildorlik 20 foizga oshadi.

Mamlakatimizda intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rgazma doirasida intensiv bog‘lar uchun mevali daraxt va dekorativ o‘simliklar ko‘chatlari namunalari Gollandiya, Turkiya, Qozog‘iston kompaniyalari stendlarida namoyish etilmoqda.

– Biz mahalliy iqlim sharoitimizga moslashtirilgan yong‘oq, bodom, pista va zaytunning zamonaviy plantatsiyalarini yaratish dasturini ishlab chiqdik, – deydi Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi texnologi Ilyos Haydarov. – Fermerlarga yong‘oqzorlar tashkil qilishda amaliy ko‘mak berayotirmiz. Hozir Samarqand viloyati Jomboy tumanida 500 gektarlik yong‘oqzor barpo etildi. Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida yerlar tayyorlanmoqda. Laboratoriya qurilmoqda, unda 2018-yildan boshlab chetdan keltirilgan yong‘oq navlarini klonlashtirishni yo‘lga qo‘yamiz.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlarining izchil amalga oshirilishi, sohaning davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlanishi xo‘jaliklarda qoramol sonini sezilarli darajada oshirish, ichki iste’mol bozorini chorvachilik mahsulotlari bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Xususan, chorvachilik sohasida joriy yilning to‘qqiz oyida 43 ming boshdan ortiq qoramol boqish bo‘yicha 1 ming 257 loyiha amalga oshirilib, qariyb 3 ming 500 ish o‘rni yaratildi.

Ko‘rgazmalardan parrandachilik uskunalari ham keng o‘rin olgan. Misol uchun, parranda yetishtirish uskunalarini «Tavsan Roultry Yequipment» kompaniyasi (Turkiya), tovuq, jo‘ja va bedana uchun katakli uskunalarni «Zucami poultry equipment» kompaniyasi (Ispaniya), nasldor qoramollarni, sutni qayta ishlash uskunalari, tuxum va broyler parranda fabrikalari uchun uskunalarni «Van der ploed international V.V» kompaniyasi (Gollandiya) taklif etmoqda.

“UzProdExpo – 2017” ko‘rgazmasida har yili oziq-ovqat sanoati va qayta ishlash sanoatining barcha tarmoqlari uchun asbob-uskunalar namoyish etiladi. «Oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskunalar va texnologiyalar» bo‘limida Turkiya kompaniyalari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida qo‘llaniladigan, ho‘l meva-sabzavotlarni muzlatish, quritish va konservalashdan tortib, qadoqlashgacha bo‘lgan liniyalarni, yog‘-moy ishlab chiqarish uskunalarini xitoylik ishlab chiqaruvchilar namoyish etmoqda.

– O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli aholi soniga mos ravishda qayta ishlash sanoati ham yuksalib borayotganiga guvoh bo‘layotirmiz, – deydi Rossiyaning «Prodinvest» kompaniyasi tijorat direktori Vladimir Rudenia. – Shu bois biz ham hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Hozir kompaniyamiz dunyoning 20 dan ortiq mamlakatiga sut ingrediyentlari, oziq-ovqat va yem sanoati uchun yirik hajmdagi qo‘shimchalar yetkazib beradi. Shuningdek, sutni qayta ishlashga mo‘ljallangan ikkita ishlab chiqarish korxonamiz bor.

Oziq-ovqat bozorlari, yirik savdo markazlari, omborxona egalariga do‘kon va supermarketlarni «tayyor holda topshirish» avtomatlashtirilgan tizimlari, meva-sabzavot omborlari, sarxillash va qadoqlash markazlari, muzlatish kameralari uchun uskunalar, sovutish qurilmalari qiziqarli bo‘lishi tayin. Bu mahsulotlarni Gollandiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya kompaniyalari stendidan topish mumkin.

Ko‘rgazmalar doirasida «Qishloq xo‘jaligida va oziq-ovqat sanoatida samarali biznes yuritish uchun Novosibirsk viloyatining ilg‘or kompaniyalaridan texnologiyalar», «O‘zbekistonda yong‘oqchilikni rivojlantirish» mavzularida ilmiy-amaliy seminar o‘tkaziladi. Unda bog‘dorchilik, sabzavotchilik va asalarichilikda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish masalasi muhokama qilinadi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________