Shavkat Mirziyoyev: Bu yerda haqiqiy iste’dodlar tarbiyalanadi

image_pdfimage_print

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi. Qalblarni g‘ururga to‘ldiruvchi, yuraklarni hayajonga solguvchi mamlakatning bosh qo‘shig‘i. Uni har safar tinglaganimizda ko‘nglimizni shu yurtning farzandi ekanlikdan faxrlanish tuyg‘ulari qamrab oladi.

Shu hayajonni o‘zining iste’dodi bilan dillarga singdirgan, Ona Vatanga muhabbatning so‘zlar orqali ifodasini topgan O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov she’rlari kirib bormagan xonadon yo‘q.

2017-yil fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida Abdulla Oripov haykalini yaratish loyihasi bilan tanishar ekan, loyihani takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov nomidagi maktab va uning ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi.

Oradan qariyb bir yil o‘tdi. 29-yanvar kuni davlatimiz rahbari mazkur loyiha ijrosi bilan tanishdi.

Takomillashtirilgan loyiha asosida bu yerda O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati barpo etildi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-maydagi «Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida bunyod etilgan ilm dargohi oldida Qahramon shoirimizning haykali qad rostladi. Haykal orqasidagi devorga shoirning she’rlaridan namunalar bitildi.

Maktabning birinchi qavatida Abdulla Oripov muzeyi tashkil etildi. Muzeyga shoirning buyumlari, unga qilingan turli sovg‘alar joylashtirildi.

Maktab 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 50 o‘rinli yotoqxona, 50 o‘rinli oshxona, 200 o‘rinli faollar zaliga ega. Maktabga o‘quvchilar beshinchi sinfdan tanlov asosida qabul qilinadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktab faoliyati bilan tanishdi. Muzey, o‘quv xonalarida bo‘ldi, maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashdi.

Maktab o‘quvchilari Ibroyim Yusupov, Muhammad Yusuf, Xamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktablar o‘quvchilari bilan onlayn bog‘lanib, mushoira o‘tkazdi.

O‘quvchilar Abdulla Oripov she’rlari va o‘zlari yozgan sherlardan namunalar o‘qib berdi.

Davlatimiz rahbari ularga Abdulla Oripovdek buyuk shoir nomiga munosib farzandlar bo‘lib kamol topish, o‘z iste’dodlari bilan jahonga mashxur insonlar bo‘lib yetishish tilaklarini bildirdi.

Prezidentimiz bir guruh o‘quvchilarga sovg‘alar topshirdi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________