Toshkent shahrining demografik holati

      I. Doimiy aholi soni.

      Toshkent shahrining doimiy aholisi soni 2017 yil 1 yanvar holatiga 2424,1 ming kishini tashkil etib, 2001 yilga nisbatan 286,2 ming. kishiga, ya`ni 13,4 foizga o`sgan (1-jadval).

009

      Toshkent shahrining 2001-2017 yillarda yosh tarkibida ham sezilarli o`zgarishlar kuzatilgan.

      Jumladan, 2001 yilda mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar (0-15 yoshdagilar) ulushi 28,2 foizni, mehnatga layoqatli yoshdagilar (erkaklar 16-59 yosh, ayollar 16-54 yosh) 60,1 foizni, mehnatga layoqatli yoshdan kattalar (erkaklar 60 yosh va undan katta, ayollar 55 yosh va undan katta) 11,7 foizni tashkil etgan.

      2017 yil 1 yanvar holatiga mazkur ko`rsatkichlar mos ravishda 25,4 foiz, 59,6 foiz va 15,0 foizni tashkil etdi (2-jadval).

      2017 yilda 2001 yilga nisbatan mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar va mehnatga layoqatli yoshdagilar ulushi kamayish tendentsiyasiga ega bo`lgan bo`lsa, mehnatga layoqatli yoshdan kattalar ulushi esa o`sgan.

      Toshkent shahri bo`yicha 2001 yil 1 yanvar holatiga aholining o`rtacha yoshi 30,2 yoshni tashkil etgan bo`lsa, 2017 yil 1 yanvar holatiga ko`ra bu ko`rsatkich 32,8 yoshni tashkil etmoqda, ya`ni shahar aholisining o`rtacha yoshi 2,6 yoshga keksayganligini kuzatish mumkin.

      II. Aholining tabiiy harakati.

      Aholining tabiiy harakati ko`rsatkichlarida ham o`zgarishlar kuzatilib, 2000 yilda shaharda 31,3 ming nafar bola tug`ilgan bo`lib, 1000 aholiga nisbatan tug`ilish koeffitsienti 14,5 promilleni, mazkur yilda 18,3 ming kishi vafot etgan bo`lib, 1000 aholiga nisbatan o`lim koeffitsienti 8,5 promilleni tashkil etgan bo`lib, aholining tabiiy o`sishi 13,0 ming kishiga, ya`ni 1000 aholiga nisbatan aholining tabiiy o`sish koeffitsienti 6,0 promilleni tashkil etgan.

      Quyidagi jadvalda respublika aholisining tabiiy harakati ko`rsatkichlari keltirilgan (3-jadval).

      1. Tug`ilganlar soni.

      Toshkent shahrida 2016 yilda 43,9 ming nafar bola tug`ilganligi qayd etilgan bo`lib, 1000 aholiga nisbatan tug`ilish koeffitsienti 18,2 promilleni tashkil etdi.

      Bundan tashqari 2000 yillarda fertil yoshdagi (15-49 yosh) 1 ayol hayoti davomida tuqqan bolalar soni, ya`ni tug`ilishning yig`indi koeffitsienti 1,76ni tashkil etgan bo`lsa, keyingi yillarda кo`payish tendentsiyasi kuzatildi va 2016 yilda bu ko`rsatkich 2,27 ni tashkil etdi (7-rasm).

      2. O`lganlar soni.

      Toshkent shahrida 2016 yilda 16,5 ming kishining vafot etganligi qayd etilib, 1000 aholiga nisbatan o`lim koeffitsienti 6,9 promilleni tashkil etgan.

      Toshkent shahrida 2000 yilda 18,3 ming kishi, 2005 yilda 18,5 ming kishi, 2010 yilda 16,1 ming kishi vafot etgan bo`lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o`lim koeffitsienti 8,5 promille, 8,6 promille, 7,1 promilleni tashkil etgan.

      Toshkent shahrida onalar o`limi ko`rsatkichi ham pasayish tendentsiyasiga ega bo`lib, 100 000 tug`ilgan bolaga nisbatan 2000 yilda onalar o`limi koeffitsienti 63,9 ni tashkil etgan bo`lsa, 2005 yilda 44,6ni, 2010 yilda 25,4 ni va 2016 yilda esa 18,2 ni tashkil etdi (8-rasm).

      Toshkent shahrida 2016 yilda bir yoshgacha o`lgan bolalar soni 777 nafar bolani tashkil etib, 1000 tug`ilgan bolaga nisbatan go`daklar (1 yoshgacha bolalar) o`limi koeffitsienti 17,8 promilleni tashkil etgan.

      Toshkent shahrida 1000 tug`ilgan bolaga nisbatan go`daklar (1 yoshgacha bolalar) o`limi koeffitsienti 2000 yilda 19,5 promilleni, 2005 yilda 22,3 promilleni, 2010 yilda 17,1 promilleni tashkil etgan (9-rasm).

      Toshkent shahrida 2016 yilda besh yoshgacha o`lgan bolalar soni 872 nafarni tashkil etib, 1000 tug`ilgan bolaga nisbatan bolalar (5 yoshgacha) o`limi koeffitsienti 20,1 promilleni tashkil etgan.

      Toshkent shahrida 1000 tug`ilgan bolaga nisbatan bolalar (5 yoshgacha) o`limi koeffitsienti 2000 yilda 23,0 promilleni, 2005 yilda 26,5 promilleni, 2010 yilda 19,3 promilleni tashkil etgan.

      3. Tug`ilishda kutilgan umr davomiyligi.

      Aholining yashash sifati ko`rsatkichlaridan biri bu tug`ilishda kutilgan umr davomiyligi hisoblanadi. Toshkent shahrida 2016 yilda mazkur ko`rsatkich 73,9 yoshni (ayollarda – 77,4 yosh, erkaklarda – 70,1 yosh) tashkil etgan (10-rasm).

      Tug`ilishda kutilgan umr davomiyligi ko`rsatkichi so`nggi yillarda o`sish tendentsiyasiga ega bo`lib, jumladan 2000 yilda ushbu ko`rsatkich 69,7 yoshni tashkil etgan bo`lsa, 2005 yilda 69,9 yoshni, 2010 yilda 72,1 yoshni tashkil etgan.

      4. Tuzilgan nikohlar va nikohdan ajralishlar.

      Toshkent shahri bo`yicha 2016 yilda 19,0 mingta nikoh qayd etilgan bo`lib, 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsienti 7,9 promilleni tashkil etgan (11-rasm).

      Toshkent shahrida 2000 yillarda birinchi marta nikoh qurgan qiz bolalarning o`rtacha yoshi 22,4 yoshni tashkil etgan bo`lsa, 2016 yilda bu ko`rsatkich 23,3 yoshni tashkil etdi, ya`ni 0,9 yoshga ko`paydi.

      Toshkent shahrida 2000 yillarda birinchi marta nikoh qurgan o`g`il bolalarning o`rtacha yoshi 25,6 yoshni tashkil etgan bo`lsa, 2016 yilda ushbu ko`rsatkich 26,9 yoshni tashkil etdi, ya`ni 1,3 yoshga ko`paydi (12-rasm).

      Toshkent shahri bo`yicha 2016 yilda 4,4 mingta nikohdan ajralish qayd etilgan bo`lib, o`tgan yilga nisbatan 0,7 mingtaga kamaygan. 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsienti esa 1,8 promilleni tashkil etgan.

      2000 yilda Toshkent shahrida 4,6 mingta nikohdan ajralish qayd etilgan bo`lib, 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsienti 2,1 promilleni tashkil etgan. Keyingi yillarda nikohdan ajralishlar soni kamayib borish tendentsiyasiga ega bo`lib, 2010 yildan boshlab yana o`sish kuzatilgan.

      III. Ma`muriy hududiy birliklar.

      Toshkent shahrida 2017 yil 1 yanvar holatiga 11 ta tuman, 1 ta shaharcha, 505 ta mahalla fuqarolar yig`inlari mavjud.

      Toshkent shahar hududi 0,34 ming kv.km tashkil etib, 1 kv.kmga 7257,9 kishi to`g`ri keladi.

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________