Toshkent metropoliteni 40 yoshda

image_pdfimage_print

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati “Temiryo‘lchilar” markaziy madaniyat saroyida Toshkent metropoliteni qurib foydalanishga topshirilganiga 40 yil to‘lishi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, soha xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari, «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi boshlig‘i O.Xudoyqulov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida transport sohasi, jumladan, metropolitenni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bundan 40 yil avval ko‘hna Toshkent rivojlangan zamonaviy shaharlar qatoridan o‘rin egalladi. Murakkab davrda respublika rahbariyati, xususan, buyuk davlat arbobi Sharof Rashidovning tashabbusi bilan O‘rta Osiyoda yagona Toshkent metropoliteni bunyod etildi. Ko‘p yillik mashaqqatli mehnat samarasida 1977 yilning 7 noyabr kuni birinchi metro qat’iy jadval bo‘yicha harakatlana boshladi.

Mamlakatimiz transport tizimida muhim o‘rin tutadigan Toshkent metropoliteni qulayliklar yaratish, yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod liniyalaridan iborat Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 39 kilometrni tashkil etadi. Metropoliten 29 bekatdan iborat. Ushbu transport xizmatidan kuniga 200 mingga yaqin yo‘lovchi foydalanadi.

– Toshkent metropolitenini nafaqat qulay va ishonchli transport, balki betakror san’at asari darajasida qurilgan nafis va ko‘rkam, orasta va shinam yer osti qasri deyish mumkin, – deydi «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi Chilonzor elektrodeposi fuqaro muhofazasi bo‘yicha muhandisi Mavluda Asomova. – O‘zim guvohman, O‘zbekistonga kelgan xorijlik mehmonlar Toshkent metropolitenining jozibasi va chiroyidan hayratga tushishadi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan muddat davomida 4 milliarddan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Toshkent metropoliteni bekatlarini loyihalashda eng malakali arxitektorlar, rassom va me’morlar ishtirok etgan. Mustaqillik yillarida metropoliten chiroyli tashqi va ichki dizayn, qulay va yuqori xavfsizlik tizimiga ega bo‘lgan vagonlar bilan ta’minlanmoqda. Bu borada Toshkent yo‘lovchi vagonlari qurish va ta’mirlash zavodida metro vagonlarini kapital ta’mirlash, qayta tiklash, ularning xizmat ko‘rsatish muddatini uzaytirish ishlari samarali amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash kerak.

Aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olib, Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasining ikkinchi bosqichi qurilishi loyihasi, Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish, shuningdek, Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasi barpo etish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda.

Jumladan, yuqori sifatda barpo etilayotgan Sergeli yo‘nalishi avvalgilaridan farqli ravishda yer ustida harakatlanadi. Metro shaharning rivojlanish rejalari, yo‘lovchilar oqimi, turar joy mavzelari, ishlab chiqarish, savdo va dam olish maskanlari joylashuvi, muhandislik-geologik sharoitlarni inobatga olgan holda qurilmoqda. Yo‘nalish to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasini barpo etish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyiha bo‘yicha bunyod etiladigan metroning umumiy uzunligi 54 kilometr bo‘lib, uning 51 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi. 2 kilometri yer ustida quriladi. Mazkur loyiha besh bosqichda amalga oshirilib, 2020 yilda to‘liq foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda ko‘p yillik mehnat faoliyati va ilg‘or tajribasi bilan namuna bo‘layotgan bir guruh metropoliten xodimlari faxriy yorliq va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandi.

Taniqli san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________