YeTTB delegatsiyasining uchrashuvlari

image_pdfimage_print

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida 20-fevral kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha boshqaruvchi direktori Natalya Xanjenkova boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov bilan uchrashuvda markaz faoliyati, O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning borishi haqida so‘z yuritildi. Mehmonlarga 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirish jarayoni haqida ma’lumot berildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bank-moliya sohasini erkinlashtirishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

Natalya Xanjenkova O‘zbekistondagi izchil islohotlarni, mamlakatni har tomonlama rivojlantirish loyihalarini yuqori baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tanlagan jadal taraqqiyotga qaratilgan siyosat mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, unda davlat ishtirokini kamaytirish orqali soha va tarmoqlarni diversifikatsiya qilish, xususiy mulk himoyasini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqotda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarni jamiyatda kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning to‘laqonli ishtirokchisiga aylantirish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________