Yosh tadbirkor – yurtga madadkor

image_pdfimage_print

«Yosh tadbirkor – yurtga madadkor» tanlovining Toshkent shahar bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, tijorat banklari va bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovning joriy yilgi saralash bosqichlarida o‘n sakkiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan to‘rt yuzdan ziyod yosh tadbirkor o‘z biznes rejalari bilan ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yosh tadbirkorlarning biznes loyihalarni moliyalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad, yigit-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarining barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishdan iboratdir.

Tanlov doirasida o‘tkazilgan uch kunlik seminarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid qonunlar, biznes reja tuzish va uni ro‘yobga chiqarishda bank kreditlaridan foydalanish kabi sohaga tegishli masalalar yuzasidan yoshlarga tushuncha va tavsiyalar berildi.

– Loyihada xorijiy sayyohlar va chet elga sayohat qilishni xohlovchi yurtdoshlarimiz uchun xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etishga oid biznes rejam bilan ishtirok etmoqdaman, – deydi yosh tadbirkor Feruz Farhodov. – Bunda elektronlashtirilgan tarzda xizmat ko‘rsatiladi va o‘n bir kishi ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu shoxobchaning qulayliklari shundaki, har bir sayyohlik obyektiga mos ma’lumotlar to‘liq berib boriladi, bir necha tilda xizmatlar ko‘rsatiladi.

Natijalarga ko‘ra, o‘n nafar istiqbolli loyiha sohibi tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Mutaxassislar tomonidan tavsiya etilgan yigirma besh nafar ishtirokchi biznes loyihasi uchun imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zA

Siz yana korishingiz mumkin...

    ___________________________________________________
     
    Xato topdingizmi?
    Uni belgilang, so'nggra quyidagi
    CTRL + ENTER
    tugmalarini bosing
    ___________________________________________________