Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o‘z ifodasini topadi. Aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi.
Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.
Qator holatlarda aholini ro‘yxatga olish – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumotlar olishning yagona manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish qachondan o‘tkazila boshlangan?
Aholini dastlabki ro‘yxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan. Lekin, bu aholi ro‘yxatlarining maqsadi aholidan soliq yig‘ish, ya’ni boj olish hamda harbiy maqsad uchun aholi sonini aniqlash bo‘lgan. Shuning uchun ham, bu aholi ro‘yxatlarida asosan erkaklar ro‘yxatga olingan. Chunki, u paytlarda erkaklarning iqtisodiy o‘rni yuqori bo‘lgan, soliq to‘lashda faqat erkaklar, ya’ni oila boshliqlari qatnashgan.
Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda, keyinchalik 1800 yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801 yilda – Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo, bu aholi ro‘yxatlari juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga cho‘zilgan. Masalan, birinchi AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.
XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish juda kengaydi. Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1870-1879 yillarda dunyoning 48 ta, 1890 yillarda esa 57 ta davlatida aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin, aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda – 151 ta davlatda, 1965-1974 yillarda – 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan.
Hozirgi paytda, dunyodagi deyarli barcha davlatlarda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.
Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini o‘rganishda mamlakat hududida o‘tkazilgan aholi ro‘yxati ma’lumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.
Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:
- Markazlashtirish. Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning qat’iy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishning asosiy shartlaridan biridir.
- Aholini ro‘yxatga olishning muntazamligi. BMT tavsiyalariga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan.
- Aholini ro‘yxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi. Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun ko‘p miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
- Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish. Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi: masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.
- Aholini ro‘yxatga olishning belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish. Aholini ro‘yxatga olish dasturi – ro‘yxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar ro‘yxatini, ma’lumotlarni qayd etish, to‘plash, qayta ishlash, yakuniy ma’lumotlarni e’lon qilish tartiblarini o‘z ichiga oladi.
- Aholining to‘liq qamrab olinishi. Aholini ro‘yxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta ro‘yxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining ro‘yxatdan joy olinishini ta’minlash asosiy vazifa hisoblanadi.
- Ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi. Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
- Ixtiyoriylik. Shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar so‘ralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Masalan, Buyuk Britaniyada 1920 yilda Qo‘shma Qirollikda aholini ro‘yxatga olish qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini ro‘yxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xo‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari ro‘yxatga olinishi, aholini ro‘yxatga olishni kim o‘tkazishi, so‘rov varaqalari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, aholini ro‘yxatga oladigan hisobchilarni yollash qoidalari, ularning xizmat vazifalari hamda aholini ro‘yxatga olish qoidalari ko‘rsatilgan.
Buyuk Britaniyada har galgi aholini ro‘yxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi (bunda albatta 1920 yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi). Bu qonunda aholini ro‘yxatga olish uslubiga aniqlik kiritiladi, aholini ro‘yxatga olish muddati va buning uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori belgilanadi. Buyuk Britaniyada aholini ro‘yxatga olish har o‘n yilda, odatda, aprel oyida o‘tkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi o‘rtasida ommaviy tadbirlarning o‘tkazilishi uchun ob-havo qulay bo‘lishi bilan izohlanadi.
Mamlakatda aholini ro‘yxatga olishga jalb qilinadigan ijtimoiy xodimlarga qat’iy talablar qo‘yiladi. Ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tishlari shart. Bu xodimlar ro‘yxatga olish boshlanishidan uch kun avval o‘z hududlaridagi aholini so‘rov varaqasini to‘ldirish bilan tanishtirib chiqishlari talab qilinadi.
AQShda 1790 yildan buyon, har 10 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazib kelinadi. Aholini ro‘yxatga olish mamlakatning ko‘p asrlik qonunchilik asosiga tayanadi.
XVIII asrda qabul qilingan AQSH Konstitutsiyasining 1-moddasida “Vakillar palatasidagi joylar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar Ittifoqqa kiruvchi shtatlar bo‘yicha ularning aholisi soni asosida taqsimlanadi...
Aholining amaldagi soni Qo‘shma Shtatlar Kongressi birinchi majlisidan keyin uch yil mobaynida, keyin har o‘n yilda muntazam hisoblab chiqiladi”, deb qayd etilgan.
An’anaga ko‘ra, AQShda aholini ro‘yxatga olishga muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi, unda barcha aholining ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi.
Polshada aholini ro‘yxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor – 1764 yilda o‘tkazilgan.
Hozirgi paytda mamlakatda aholini ro‘yxatga olish xalqaro meyorlar asosida o‘tkaziladi. Har 10 yilda o‘tkaziladigan bu tadbirda aholi an’anaviy: yoshi, jinsi, ma’lumoti, ish joyi, millati, shuningdek, turarjoyi va uning maishiy asboblar bilan jihozlanishi kabi savollarga javob berishi kerak bo‘ladi. Ammo uy xo‘jaligi a’zolari va turar joy to‘g‘risidagi savollar batafsil – savollarning 34 guruhidan iboratdir.
Polshaning 1999 yildagi Aholi ro‘yxati to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, mamlakat fuqarolari ro‘yxatga oluvchi hisobchini xonadoniga kiritib, uning savollariga javob berishi yoki so‘rovnoma varag‘ini o‘zi to‘ldirishi mumkin. Lekin, aholini ro‘yxatga olish tartib-qoidalaridan batafsil tanish bo‘lmagan fuqarolar uchun bu oson bo‘lmagan, sababi aholi ro‘yxatini o‘tkazish yo‘riqnomasi 200 varaqdan iborat bo‘lgan.
Ularning Qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish uchun jarima to‘lanadi, yolg‘on ma’lumot berganlik uchun esa ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasida ham 2020 yil 16 mart kuni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun quyidagilarni nazarda tutadi, ya’ni aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadi, tartibi, davri va muddatlarini aniqlash; zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish va tashkil etish; aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda ishtirok etuvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining vazifalari, funksiyalari va javobgarligini belgilash; jismoniy va yuridik shaxslarni ushbu jarayonlarga qatnashishi uchun aniq mexanizmlar va ularning mehnatiga haq to‘lash manbalarini belgilash; yakuniy natijalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni keltirib o‘tish ko‘rsatib o‘tilgan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholining soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik holatlaridagi o‘zgarishlar aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishlari keng qamrovli tadbir bo‘lib, ketma-ket hamda bir vaqtning o‘zida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga oladi, ya’ni:
Birinchi bosqichda (3 yilgacha bo‘lgan muddat) quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi;
aholini ro‘yxatga olish tadbiri dasturini, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilishni tashkil etish uslubiyati ishlab chiqiladi;
aholini sinov asosida ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish ishlari olib boriladi;
har bir ro‘yxatga oluvchilarni o‘z hududi bo‘yicha xaritalar bilan ta’minlanadi;
aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishning tashkiliy rejasi tuziladi;
har bir xonadon raqamlanishi va ko‘chalar nomlanishini amalga oshiriladi;
zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish orqali tadbir monitoring qilib boriladi;
aholiga aholini ro‘yxatga olishning maqsadi va vazifalari axborot-tushuntirish ishlari orqali tanishtiriladi;
ro‘yxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlar chop etilib, joylardagi mutaxassislarga etkaziladi;
ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash ishlari tashkil etiladi;
ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlar o‘qitilib, ular zaruriy vositalar bilan ta’minlanadi;
aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar olib boriladi.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davr) bevosita aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallari qayta ishlash uchun ixtisoslashgan tuzilmalarga taqdim etiladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davr) quyidagilar amalga oshiriladi:
aholini ro‘yxatga olish tadbirining birlamchi materiallari ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi;
aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanadi;
birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish ishlari amalga oshiriladi;
aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalar olinadi;
aholini ro‘yxatga olish tadbiri natijalarini e’lon qilish va ularni tarqatish ishlari amalga oshiriladi.
Xo‘sh, respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish bizga nima beradi?
Birinchidan, ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma’lumot olinadi.
Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) ishlatiladi.
Uchinchidan, aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
To‘rtinchidan, Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.
Beshinchidan, statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda ma’lumotlar bazasi sifatida qo‘llaniladi.
Oltinchidan, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda xizmat qiladi.
Yettinchidan, aholi punktlarining infratuzulmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta
va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.
Sakkizinchidan, Xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.
Bunday ma’lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bo‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.
Axborot xizmati