07/01/2025

   Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy hamda ijtimoiy tavsiflarida o‘z ifodasini topadi. Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi.

1659005906photo2022-01-1218-25-04

   Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.

   Aholini ro‘yxatga olish bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

   Aholini ro‘yxatga olish – respublikaning butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayonidir.

   Aholini ro‘yxatga olish sanasi – aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat).

   Ro‘yxatga olish varag‘i – ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka.

   Ro‘yxatga olish hujjatlari – aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui.

   Respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari.

   Ro‘yxatga oluvchi xodimlar – O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari.

   Uy xo‘jaligi – bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin.

   Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?

   Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

   Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.

   Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.

   Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi.

   Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi.

   Oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsak, tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-o‘char qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo go‘sht, falon litr yog‘, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo...

   Xonadon bekasi ana shu noz-ne’matlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yo‘l tutasiz. O‘g‘lingiz yo qizingizni biror to‘garakka bermoqchisiz? Bu o‘rinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!

   Endi savol tug‘iladi: qanday qilib bu borada to‘g‘ri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila a’zolaringizning har biri haqida aniq va to‘liq ma’lumotlar bazasi bor! 

   Aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin.

   Masalan, Qoraqalpog‘istonda xonadonlar issiq bo‘lishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna ko‘mir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta ta’lim muassasasi qurish lozim? Farg‘onada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tug‘uruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug‘ruqxonalardagi o‘rinlar soni ana shu ko‘rsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq o‘chmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...

   Ko‘ryapsizmi, aholini ro‘yxatga olish, ya’ni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!

   Biroq yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi ma’lumotlarning aniq va ishonchliligiga bog‘liq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti o‘lchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yanayam hikmatli: sanamay, sakkiz demang!

Axborot xizmati 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech