30/01/2025

   Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari uch bosqichni o‘z ichiga olib, ularning doirasida tadbirlar ham bosqichma-bosqich, ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi mumkin.

30-4

   Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi.

   Bunda quyidagilar amalga oshiriladi:

   aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;

   aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish;

   sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning natijalarini tahlil qilish va uning asosida metodologik hujjatlarni takomillashtirish;

   aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejalarini tuzish;

   aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish;

   axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish;

   moddiy-texnika ta’minoti vositalarini xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkazish;

   ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash;

   ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish;

   aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar.

   Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu 1-2 oy muddatni tashkil etadi.

   Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda respondentlar so‘rovi quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

   1-bosqich – Internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish (15 kun). Bunda respondentlar tashkil etilgan maxsus veb-sayt orqali o‘zlari ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin;

   2-bosqich – Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxatini shakllantirish (2 kun);

   3-bosqich – ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan uyma-uy yurib aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini respondentlar bilan yuzma-yuz suhbat asosida planshet qurilmalari yordamida to‘ldirish (15 kun);

   4-bosqich – har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizini tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o‘rganish (3 kun). Nazorat kuzatuvi asosida olingan ma’lumotlar planshet qurilmalari yordamida shakllantirilgan ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilib, ro‘yxatga olishning to‘liqligi va ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini to‘ldirish sifati tekshiriladi.

   Uchinchisi, so‘nggi bosqich bo‘lib, 2-3 yil davom etadi. Bunda yig‘ilgan birlamchi ma’lumotlar qayta ishlanadi, umumlashtiriladi, tahlil qilinadi va natijalar e’lon qilinadi.

   Ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar (shu jumladan, erkaklar va ayollar) bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar shahar hamda qishloq aholisiga ajratilgan holda shakllantiriladi.

   Aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari respublika va hududlar bo‘yicha belgilangan jadvallar shaklida shakllantiriladi. Yakuniy natijalar birlamchi ma’lumotlar bazasidan shakllantiriladi. Aholini ro‘yxatga olish natijalarini chop etish Agentlik va uning hududiy organlari tomonidan rasmiy bosma nashrlarda, shuningdek, elektron manbalarda, foydalanuvchilarning keng ommasi uchun ommabop nashrlarda, (risolalar, press-relizlar, atlaslar, taqdimot materiallarida va boshqalarda), Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirish orqali e’lon qilinadi.

   Aholini ro‘yxatga olishning elektron ma’lumotlar bazasi va boshqa hujjatlarning elektron shakli hamda aholini ro‘yxatga olishning yig‘ma hujjatlari qayta ishlanganidan so‘ng belgilangan tartibda doimiy saqlash uchun “O‘zarxiv” agentligiga taqdim etiladi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech