Joriy yilning 5-iyun sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.05.2025-yildagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-90-son Farmoni mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish yuzasidan seminar o‘tkazildi.
Yig‘ilishni boshqarma boshligʻi L. Mirsoatov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalalarga toʻxtalib o‘tdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.05.2025-yildagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-90-son Farmonining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi.
Shundan so‘ng boshqarma boshligʻi L. Mirsoatov ushbu Farmonning maqsadi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, o‘rmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini tizimli amalga oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda yagona davlat siyosatini yuritish va muvofiqlashtirish ekanligi haqida aytib o‘tdi.
Shuningdek, Farmonda ustuvor maqsadlar sifatida quyidagilar ko‘rsatib o‘tilganligi aytib o‘tildi, jumladan,
(a) davlat o‘rmon xo‘jaliklarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos daraxt turlarining zamonaviy seleksiya usullaridan foydalanib sifatli va kafolatlangan urug‘larni yetishtirish hajmini 1,5 baravarga oshirish;
(b) urug‘chilik laboratoriyalarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos o‘simlik turlaridan onalik plantatsiyalarini tashkil qilish;
(v) davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilayotgan ko‘chatlar hajmini 2 baravarga oshirish.
Bundan tashqari, mazkur Farmon bilan 2025-yil 1-oktabrdan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini oshirish, “Yashil makon” elektron platformasida ochiqlikni ta’minlash va raqamlashtirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy qilinishi belgilanganligi aytib o‘tildi, xususan,
(a) aholi tashabbusi bilan daraxt ekilishi mumkin bo‘lgan aniq hudud (tuman (shahar), ko‘cha, yer uchastkasining koordinatalari), suv ta’minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraxtlarning turlarini ko‘rsatish;
(b) “Yashil makon” umummilliy loyihasiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka “har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyili asosida onlayn yetkazish;
(v) daraxt va butalarni kesish uchun ruxsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaxs to‘g‘risida ma’lumot, ko‘chirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraxt va ko‘chirish (kesish) sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto- va videotasvirlarini aks ettirish;
(g) o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslar tomonidan kompensatsiya sifatida ekilgan daraxt va buta ko‘chatlari hisobini yuritish tizimini joriy qilish;
(d) daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu huquqbuzarliklar va ular yuzasidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha “Yashil makon” elektron platformasiga doimiy ravishda ma’lumotlar kiritib borish.
Boshqarma boshligʻi L. Mirsoatovning ta‘kidlashicha, mazkur Farmonga ko‘ra shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
(a) “Mening bog‘im” loyihasi doirasida yashil bog‘lar barpo etishga kamida bir gektar, yashil jamoat parklari uchun yarim gektardan yer maydonlari ajratiladi;
(b) kompensatsiya yoki majburiyat tarzida ekiladigan daraxt va butalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Ekologiya vazirligi) tomonidan belgilanadigan yer uchastkalarida O‘rmon xo‘jaligi agentligi buyurtmachiligida belgilangan tartibda aniqlanadigan loyihalash tashkiloti tomonidan ishlab chiqiladigan loyihalar asosida davlat o‘rmon xo‘jaliklari — pudrat tashkilotlari tomonidan ekiladi. Bunda:
(i) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kompensatsiya yoki majburiyat tarzida ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan yer uchastkalarini ajratadi;
(ii) loyiha hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlari Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
(iii) kompensatsiya yoki majburiyat tarzida ko‘chat ekib beradigan shaxslar shartnoma asosida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, belgilangan muddat davomida parvarishlash xarajatlarini davlat o‘rmon xo‘jaliklari — pudrat tashkilotlariga to‘lab beradi.
Seminar yakunida Boshqarma Bosh yuriskonsulti F.Tursunov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi Prezident Farmoni haqida xodimlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tdi.