Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash va ularni ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq boshqarma va tuman bo‘limi xodimlariga tushuncha berdi.
Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga (bundan buyon matnda davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan;
o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan faqat ularning davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga tatbiq etiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritishni, shuningdek sud ishini yuritish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga oid boshqa qoidalar belgilanishi mumkin.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi — davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoxud saylab qo‘yiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv xodimi;
manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;
manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma (bundan buyon matnda maxsus bo‘linma deb yuritiladi) — davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari (va) yoki kadrlar bo‘linmalari;
shaxsiy manfaatdorlik — davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud u bilan aloqador shaxslar ushbu xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilinishi yoki xodimning ushbu jarayonda boshqacha tarzda ishtirok etishi natijasida olishi mumkin bo‘lgan har qanday naf yoki afzallik;
yaqin qarindoshlar — ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari.
Boshqarmaning tarmoq va tuman statistika bo‘limlari rahbarlari, xodimlari qonun hujjatlariga rioya etishi, o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini beg‘arazlik bilan, xolisona, vijdonan, odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda bajarishi hamda korrupsiyaga oid biror-bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi shartligi yuzasidan ogohlantirildi.
Shuningdek, 2025-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoraviy kompleks chora-tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash yuzasidan boshqarma hamda tuman statistika bo‘limlari majburiyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Ushbu chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan boshqarmaning tarmoq va tuman statistika bo‘limlariga tegishli topshiriqlar berilganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, joylarda tashkil qilinayotgan profilaktika ishlarini tashkil qilishda yuqoridagi chora-tadbirlar rejasida berilgan topshiriqlarni qat’iy amalga oshirishlari, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Hukumat qarorlari, statistika sohasiga oid qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini yangi tashkil topgan hamda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirish ishlarini kuchaytirish, bunda joylardagi seminar uchrashuvlar va “Ochiq eshiklar kuni”da tadbirkorlik sub’ektlariga davlat statistika hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etishlari lozimligi to‘g‘risida doimiy ravishda tushuntirishlar berib borishlari yuzasidan topshiriqlar berib o‘tildi.
Shu bilan birga, boshqarma hamda tuman statistika bo‘limlari xodimlarining odob-axloq qoidalariga amal qilishlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.



