Konferensiyada Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston va Serbiya milliy statistika xizmatlari, MDH davlatlari statistika qoʻmitasi vakillari, MDH davlatlarining milliy statistika xizmatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari (Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, UNFPA, UNICEF), MDH Ijroiya qoʻmitasi, Rosstat statistika tadqiqot instituti, vazirlik va idora vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.
Tadbir doirasida 29-may kuni MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari Kengashining 69-majlisi boʻlib oʻtmoqda. Yigʻilish kun tartibiga koʻra, MDH Iqtisodiy kengashining Iqtisodiy masalalar boʻyicha komissiyasi tomonidan “MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari Kengashining 2020–2023-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot”, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlararo statistika qoʻmitasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot, “MDH statistikasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlarning borishi toʻgʻrisida, statistika boʻyicha xalqaro olimpiada, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlararo statistika qoʻmitasining 2024-yilga moʻljallangan ish dasturiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida, MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari Kengashining 70-majlisi toʻgʻrisidagi va boshqa hisobotlar koʻrib chiqiladi.
Statistika agentligi rahbari mazkur tadbirlar doirasida bir qator davlatlarning statistika idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar bilan ikki tomonlama muloqotlar oʻtkazib, oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishi belgilangan.
Muloqotlar va uchrashuvlarda mehnat statistikasi boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi borasida ham maʼlumotlar berilib, mavzuga oid taqdimot qilinishi rejalashtirilgan.
Aytish lozimki, mazkur tadbirlar jarayonida koʻrib chiqiladigan masalalar mamlakatimizda statistika sohasida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.