Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21- noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 - yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” (International Day Against Corruption) sifatida nishonlab kelinmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan Toshkent shahar statistika boshqarmasida joriy yilning 6-dekabrida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – har birimizning burchimiz” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatini boshqarma boshlig‘i L. Mirsoatov ochib berdi. Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari — aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z bordi.
Shuni aytish lozimki, boshqarma tomonidan korrupsiyaviy holatlarning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hamda unga qarshi kurashish eng ustuvor vazifa etib belgilangan. Davra suhbatida boshqarma mas’ul xodimi A. Mamatov boshqarma tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, bunday holatlarning oldini olish va unga chek qo‘yishga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda kelgusidagi vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida boshqarma tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda qilingan ishlar yuzasidan qisqacha hisoboti tinglanib, kelgusida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Axborot xizmati