Joriy yilning 29 - oktabr sanasida, Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshlig‘i L. Mirsoatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”gi qarori yuzasidan boshqarma va tuman statistika bo‘limlari xodimlariga qisqacha tushunchalar berib o‘tdi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash va ularni ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq boshqarma va tuman bo‘limi xodimlariga tushuncha berdi.
Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga (bundan buyon matnda davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan;
o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan faqat ularning davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga tatbiq etiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritishni, shuningdek sud ishini yuritish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga oid boshqa qoidalar belgilanishi mumkin.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, boshqarma hamda tuman statistika bo‘limlari xodimlarining odob-axloq qoidalariga amal qilishlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Axborot xizmati