10/12/2024

   Joriy yilning 6 - dekabr sanasida, Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshlig‘i L.Mirsoatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-210-son  “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qarori mazmun mohiyati qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini  boshqarma tarmoq bo‘limlari va  tuman statistika bo‘limlari xodimlariga qisqacha tushunchalar berib o‘tdi.

    Yig‘ilishda so‘zga chiqgan L.Mirsoatovning ta’kidlashicha: O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish, ushbu Qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid huquqiy tartibotlarning mazmun-mohiyatini davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va keng jamoatchilikka tushuntirish orqali mazkur Qonunni amalga kiritishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan   boshqarma va tuman statistika xodimlariga ta’kidlab o‘tildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq boshqarma va tuman bo‘limi xodimlariga tushuncha berdi.

    Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘ida:

    maxsus bo‘linmaga maslahat so‘rab murojaat etish;

    ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlardan tashqari qo‘shimcha ma’lumotlarni elektron yoki yozma shaklda taqdim etish huquqiga ega.

    Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi:

   o‘z lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini vijdonan bajarishi va ularning bajarilishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘z shaxsiy manfaatlari bilan bog‘liq har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi;

   lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi;

   mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, o‘z ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar o‘zining bevosita rahbarini (tashkilot rahbari — yuqori turuvchi rahbarni) yoki maxsus bo‘linmani xabardor qilishi;

   o‘zining bevosita bo‘ysunuvidagi xodimlarni yoki boshqa xodimlarni bevosita yoki bilvosita o‘zining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlovchi harakatlarga (harakatsizlikka) majburlamasligi;

   o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot nazorati ostidagi tashkilotdan yoki uning tarkibiy bo‘linmasidan ishga qabul qilish to‘g‘risida takliflar kelib tushganligi holati haqida bir ish kuni ichida xabar berishi;

   boshqa xodimlarga nisbatan o‘ziga ma’lum bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi hollari to‘g‘risida xabar berishi;

   ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish maqsadida maxsus bo‘linmaning so‘roviga ko‘ra ma’lumotlar taqdim etishi shart.

   Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

   Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar mazkur xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda:

   manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun maxsus bo‘linmadan bepul maslahat olish;

   davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha harakatlari (harakatsizligi) yoki qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

   Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar mazkur xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda:

   shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi;

   ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani elektron yoki yozma shaklda to‘ldirishi, unga bila turib yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritmasligi shart.

   Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi bilan aloqador shaxslar tomonidan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi ushbu Qonunda belgilangan huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

  Boshqarmaning tarmoq va tuman statistika bo‘limlari rahbarlari, xodimlari qonun hujjatlariga rioya etishi, o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini beg‘arazlik bilan, xolisona, vijdonan, odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda bajarishi hamda korrupsiyaga oid biror-bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi shartligi yuzasidan ogohlantirildi.

  Shuningdek, 2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoraviy kompleks chora-tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash yuzasidan boshqarma hamda tuman statistika bo‘limlari majburiyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Ushbu chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan boshqarmaning tarmoq va tuman statistika bo‘limlariga tegishli topshiriqlar berilganligi qayd etildi.

  Bundan tashqari, joylarda tashkil qilinayotgan profilaktika ishlarini tashkil qilishda yuqoridagi chora-tadbirlar rejasida berilgan topshiriqlarni qat’iy amalga oshirishlari, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Hukumat qarorlari, statistika sohasiga oid qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini yangi tashkil topgan hamda faoliyat ko‘rsatayotgan  tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirish ishlarini kuchaytirish, bunda joylardagi seminar uchrashuvlar va “Ochiq eshiklar kuni”da tadbirkorlik sub’ektlariga davlat statistika hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etishlari lozimligi to‘g‘risida doimiy ravishda tushuntirishlar berib borishlari yuzasidan topshiriqlar berib o‘tildi.

   Shu bilan birga, boshqarma hamda tuman statistika bo‘limlari xodimlarining odob-axloq qoidalariga amal qilishlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

2

1

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech