21/07/2025

  Joriy yilning 21-iyul sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  14.07.2025-yildagi “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 440-son qarori mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish yuzasidan seminar o‘tkazildi. 

  Yig‘ilishni boshqarma boshligʻi o‘rinbosari A.Azimov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalaga toʻxtalib o‘tdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  14.07.2025-yildagi “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 440-son qarorining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi.  

  Boshqarma boshligʻi o‘rinbosari A.Azimov shuningdek, mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida qabul qlinganini aytib, qaror bilan  bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilinganligi, mazkur nizom bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibini belgilashi to‘g‘risida ma‘lumot berib o‘tdi.

  Bundan tashqari, mazkur nizomda zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud ularning qonuniy vakillari, shuningdek, ularning qarindoshlari yoki boshqa shaxslar zo‘ravonlik holati to‘g‘risida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, ichki ishlar organlari, shuningdek, boshqa mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishi belgilanganligi, quyidagilar bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun asos hisoblanadi to‘g‘risida aytib o‘tildi, jumladan:

  zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining murojaati;

  jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;

  bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish yoki ularni sodir etishga urinish faktlarining davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan bevosita aniqlanganligi;

  ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar;

  davlat organlari va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar.  

  Nizomda “Inson” markazlari bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganligi fakti to‘g‘risidagi axborotni olgan paytdan e’tiboran ichki ishlar organlari ishtirokida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolaning, shuningdek, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolaning hayotiy vaziyatini bir kun muddatda o‘rganishi, bunda “Inson” markazi bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazib, baholash natijalari asosida bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkinligi, “Inson” markazi tomonidan bolani sog‘lig‘ining holatidan kelib chiqib, dastlabki baholash jarayoniga sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari, ta’lim muassasalari xodimlari va boshqa zarur mutaxassislar jalb etilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilganligi, dastlabki baholash natijasida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holati aniqlanmagan taqdirda, ichki ishlar organi va “Inson” markazi mas’ul xodimlari bu to‘g‘risida xulosa tuzishi hamda shu kunning o‘zida xulosani murojaat etuvchiga taqdim etishi belgilanganligi to‘g‘risida ham aytib o‘tildi.

  Shuningdek, kompleks baholash natijalariga ko‘ra “Inson” markazi uch ish kuni ichida mas’ul davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda zo‘ravonlikdan jabrlangan bola yoki o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolaning hamda uning qonuniy vakilining ishtirokida bolani himoya qilish rejasini ishlab chiqishi, himoya qilish rejasida quyidagi chora-tadbirlar belgilanishi mumkinligi to‘g‘risida tushuncha berildi, xususan:

  himoya orderini berish;

  zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish;

  zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning hamda o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarning oilalarini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash;

  zo‘ravonlikdan jabrlangan bolani va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan bolaning hayotiga yoxud sog‘lig‘iga bevosita tahdid mavjud bo‘lganda vaqtincha olib qo‘yish;

  zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarni “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida nazarda tutilgan hollarda, jinoyat ishini yuritish chog‘ida himoya qilish choralarini qo‘llash.

  Seminar yakunida Boshqarma Bosh yuriskonsulti F.Tursunov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  qarori haqida xodimlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tdi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech