Joriy yilning 26-sentabr sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.09.2025-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoni mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish yuzasidan seminar o‘tkazildi.
Yigilishni boshqarma boshligʻi o‘rinbosari X.Narziyev kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalalarga toʻxtalib o‘tdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.09.2025-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmonining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi.
Shundan so‘ng boshqarma boshligʻi o‘rinbosari X.Narziyev ushbu Farmonning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi va “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq, shuningdek, aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holati, tarkibi hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini baholash tizimini yaratish uchun zarur ma’lumotlar bazalarini shakllantirish ekanligi haqida aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, mazkur Farmonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadlari snab o‘tilfanligi, ular quyidagilardan iborat ekanligig to‘g‘risida aytib o‘tildi:
(a) mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020-yildagi tavsiyalari asosida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
(b) 26 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining foydalanish holatini o‘rganish, chorva mollari va parrandalar sonini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m budjet mablag‘lari samarali sarflanishini, sohadagi xizmatlar hajmini aniqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plamini yaratish;
(v) aholi va qishloq xo‘jaligining o‘sish tendensiyalarini hududlar kesimida aniq hisob-kitob qilgan holda ijtimoiy soha obyektlarini kengaytirishga yo‘naltirilayotgan yillik 25,2 trillion so‘m mablag‘ning manzilli sarflanishini ta’minlash;
(g) respublikaning har bir ma’muriy-hududiy birligi va mahallalar kesimida aholining turli tavsiflari to‘g‘risida yagona statistik uslubiyot asosida xalqaro darajada taqqoslash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirish orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini va xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi o‘rinbosari X.Narziyev O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish (keyingi o‘rinlarda — ro‘yxatga olish tadbiri) 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi, O‘zbekiston Respublikasida 2026-yilda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi va uning tarkibi mazkur Farmonning 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi, bunda Milliy statistika qo‘mitasi Respublika komissiyasining ishchi organi etib belgilanganligi, Respublika komissiyasi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanganligi to‘g‘risida aytib o‘tdi, xususan,
(a) ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta’minlash;
(b) ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish hamda uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqish;
(v) ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning mehnatiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etish ishlarini tashkil etish;
(g) ro‘yxatga olish tadbiri doirasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
Bundan tashqari, Farmonga muvofiq ro‘yxatga olish tadbiri “mahalla yettiligi” tizimida ishlovchi xodimlarni 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 1-martgacha bo‘lgan davrda jalb etish orqali o‘tkazilishi, bunda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Milliy statistika qo‘mitasi hamda mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda “mahalla yettiligi” tizimida ishlovchi xodimlar planshet qurilmalaridan foydalangan holda ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishini ta’minlash, ro‘yxatga olish tadbirida ro‘yxatga oluvchi sifatida ishtirok etadigan “mahalla yettiligi” tizimida ishlovchi xodimlar va boshqa jalb etiladigan xodimlar Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida (soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni inobatga olgan holda) bir martalik rag‘batlantirilishi, rag‘batlantirish to‘lovlari tegishli vazirlik, idora va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining so‘rovnomasiga asosan Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan moliyalashtirilishi hamda ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etiladigan xodimlar uchun ularning asosiy ish joyi, lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi belgilanganligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish tadbiri doirasida davlat organlari va tashkilotlari 2026-yil 15-yanvardan 31-yanvarga qadar o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishini ta‘minlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi respublikadagi barcha o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallarida tahsil olayotgan talabalarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishini ta‘minlash, Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston fermerlari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklari bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari, yuridik shaxs tashkil etgan dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar va asosiy faoliyati qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanayotgan korxona va tashkilotlarning Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tishini ta‘minlash hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2025-yil 1-noyabrdan boshlab aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etilishini ta’minlash belgilanganligi to‘g‘risida ma‘lumot berildi.
Seminar yakunida Boshqarma bosh yuriskonsulti F.Tursunov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni haqida xodimlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tdi.