Joriy yilning 10-aprel sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 07.04.2026-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtash nufuzi va jozibadorligini oshirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-134-son Qarori mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish yuzasidan seminar o‘tkazildi.
Yigilishni boshqarma boshligʻi o‘rinbosari A.Azimov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalalarga toʻxtalib o‘tdi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorining mazmun-mohiyati haqida xodimlarga tushuncha berdi.
Shundan so‘ng boshqarma boshligʻi o‘rinbosari A.Azimov ushbu Qarorning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtash nufuzi va jozibadorligini oshirish, muddatli harbiy xizmatchilarning jamiyatda mustahkam oʻrin egallashiga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning kasb oʻrganish va taʼlim olishga boʻlgan qiziqish hamda intilishlarini qoʻllab-quvvatlash ekanligi haqida aytib o‘tdi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi o‘rinbosari Qaror bilan muddatli harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatni oʻtagan yoshlarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilayotganligini aytib o‘tdi, xususan 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
(i) muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlarga (keyingi oʻrinlarda — askarlar) xizmatni oʻtash davrida oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatining masofaviy taʼlim shakliga abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtish, kirish imtihonlarida ishtirok etish va natijasiga koʻra oʻqishga kirishga ruxsat beriladi. Bunda oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi;
(ii) muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan askarlar oliy taʼlim tashkilotlarining harbiy tayyorgarlik oʻquv markazlarida oʻqigan talabalarga tenglashtiriladi va oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga belgilangan tartibda “zaxiradagi leytenant” harbiy unvoni beriladi;
(iii) muddatli harbiy xizmatni namunali oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalarida yoki fan olimpiadalarida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan askarlar orasidan 100 nafari tanlov asosida saralanib, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga dastlabki saralash va maxsus kasbiy tanlov natijalariga koʻra test sinovlarisiz yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz belgilangan yillik kvota doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda tanlov asosida saralab olinadigan 100 nafar askarlar tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida ular tarkibida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlarning umumiy soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi hamda oʻzlari muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan (oʻtagan) vazirlik va idoralar tarkibidagi hamda ular uchun ofitserlarni tayyorlovchi oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinadi;
(iv) muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida Olimpiya va Osiyo oʻyinlari dasturlariga kiritilgan sport turlari boʻyicha respublika hamda xalqaro musobaqalarda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan askarlar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga (mos yoʻnalishlarga) kirish sinovlarisiz davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;
(v) askarlarning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, harbiy qismlar (muassasalar)da (keyingi oʻrinlarda — harbiy qism) kasbga oʻqitish boʻyicha guruhlar shakllantiriladi hamda askarlarni kamida bitta kasbga oʻqitish boʻyicha olti oygacha boʻlgan muddatda oʻquv kurslari tashkil etiladi. Bunda oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan askarlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi;
(vi) muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan hamda xizmatdan boʻshatilgan yilda oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
(vii) muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan va xususiy sektorda faoliyat yuritish istagini bildirgan yoshlarga kasb-hunarga oʻqish xarajatlari vaucher asosida belgilangan tartibda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
(viii) muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan hamda tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlarga kredit foizi xarajatlari qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi;
(b) 2027-yil 1-apreldan boshlab muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoshlarga davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra oʻzlari toʻplagan ballning 10 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
Seminar yakunida Boshqarma bosh yuriskonsulti F.Tursunov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori haqida xodimlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tdi.



