25/05/2022

Joriy yilning 24-25-may kunlari Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

Mazkur xalqaro konferensiyani oʻtkazishdan asosiy maqsad – Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasida barqaror va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlashdan iborat.

Konferensiyaning  “Siyosat uchun dalillarni olish” sessiyasida Davlat statistika qoʻmitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich maʼruza qildi. Qoʻmita raisi Oʻzbekistonda milliy statistika tizimi faoliyatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi, shuningdek, Markaziy Osiyoda maʼlumotlar va dalillarni olish borasidagi erishilgan natijalar va istiqbollar hamda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” dasturini qoʻllab-quvvatlab, bu borada puxta oʻylangan, asosli strategik qarorlarni qabul qilish uchun hukumat va jamoatchilikka ishonchli, xolis va shaffof statistika maʼlumotlarini taqdim etishga erishish borasida soʻz yuritdi.

240522_1_____

240522_2_____

240522_4____

Shuningdek, mazkur sessiyada Qozogʻiston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi Milliy statistika byurosi rahbari J. Shaymardanov, Qirgʻiz Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari A. Orozbayeva hamda Tojikiston Respublikasi Statistika agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Sh. Shokirzoda soʻzga chiqishdi.

 “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturi boʻyicha tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyada butun mintaqadan faktlarga asoslangan siyosat va islohotlarni ishlab chiqish boʻyicha ekspertlar ishtirok etmoqda.

240522_5___

240522_6____

Konferensiya ishtirokchilari maʼlumotlarni ishlab chiqarish, tahlil qilish va davlat siyosatida, oqilona va puxta oʻylangan strategik qarorlar qabul qilishda maʼlumotlardan samarali foydalanish, faktlarga asoslangan siyosatni amalga oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish masalalarida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashadilar.

Eslatib  oʻtamiz, 2022-yilning 23-may kuni Davlat statistika qoʻmitasida mazkur xalqaro konferensiya doirasida Davlat statistika qoʻmitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich hamda Qozogʻiston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi Milliy statistika byurosi rahbari Jandos Shaymardanov oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.

240522_7____

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari, Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv maqsadlariga erishishda boshqaruv sifati va u bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan siyosatni ishlab chiqishda statistik maʼlumotlardan samarali foydalanish masalalari xususida fikr almashildi.

Toshkent shahar statistika boshqarmasi
Axborot xizmati                    

Tugmani bosing Tinglash GSpeech