Mamlakatimiz eksport-importida turizm hajmining toʻliq hisobga olinishini taʻminlash, turizm statistikasi koʻrsatkichlari va yordamchi hisobini shakllantirish uchun zarur boʻlgan maʻlumotlami yigʻish tizimini takomillashtirish maqsadida, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan joriy yilning 10- mayidan 10- iyuniga qadar kiruvchi va chiquvchi turizm boʻyicha tanlanma kuzatuvlar oʻtkazilishi belgilangan.
Ta’kidlash lozimki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan “Turizm statistikasi boʻyicha xalqaro tavsiyalar” hamda “Turizm yordamchi hisobi boʻyicha tavsiya etiladigan uslubiy asos” nomli tavsiyalari tayyorlangan.
Mazkur tavsiyalarga muvofiq, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi hamkorlikda respublika boʻyicha turizm xizmatlari eksportining asosini tashkil qiluvchi – bitta turistning oʻrtacha xarajatlarini qayta koʻrib chiqish uchun kuzatuv roʻyhatiga tushgan respublikamizdagi xalqaro aeroportlar, Toshkent Shimoliy va Nukus temir yoʻl vokzallari hamda yurtimizdagi tegishli chegara bojxona postlarida tanlanma ravishda kiruvchi va chiquvchi turistlar bilan soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda.
Eslatib o’tamiz, Mazkur tanlanma kuzatuvlarni sifatli va yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida shu yilning 10–12- may kunlari Davlat statistika qoʻmitasi hamda hududiy statistika boshqarmalarida supervayzer va intervyuyerlar uchun oʻquv-seminarlar tashkil etildi.
Oʻtkazilayotgan ushbu kuzatuv orqali respublikada turizm xizmatlari eksportining haqiqiy miqdorini hisoblash, shuningdek, xorijiy turistlar tashrif buyurgan mamlakatlarni inobatga olgan holda qoʻshni davlatlar, MDH va uzoq xorijiy mamlakatlar boʻyicha differensiyalangan bir tashrif buyuruvchining oʻrtacha harajatlar koʻrsatkichlari shakllantiriladi.
Toshkent shahar statistika boshqarmasi
Axborot xizmati