Har qanday davlatning tarixi-bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o‘z ifodasini topadi. Aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi.
Aholini ro‘yxatga olish-bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aytish lozimki, aholini ro’yxatga olish tadbiri quyidagi me’yoriy-huquqiy hujjatga asosan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 05 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5655-son farmonida alohida band sifatida O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. 2020 yil mart kuni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11- noyabrdagi 710 sonli “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan, 2021-yil 1-25-noyabr kunlari 4ta hududda: Andijon viloyatining Xo‘jaobod, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahrida va Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida o‘tkazish belgilangan.
Mazkur tadbir bizga nima beradi?
Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.
Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e’lon qilinadi.
Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Ya’ni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi
Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu – hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.
Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Reja aniq, vazifa mas’uliyatli
Keyingi uch yil davomida mas’ul mutasadchilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqatadi.
Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha e’tibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qo‘yiladi, deyish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.
Toshkent shahar Bektemir statistikasi
aholini ro'yxatga olish bo'limi