Davlatimiz rahbari boshchiligida 2020- yil 1- iyun milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika boshqarmasi xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Mazkur grafik asosida tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etilgan edi.
Davlat statistika qo‘mitasi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi tomonidan hududiy boshqarmalar xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan videoseminar tashkil etildi.
Videoseminarda Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 2020–2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amaliyotga joriy qilish, foydalanuvchilarni statistik ma'lumotlar bilan yuqori darajada ta'minlash borasida fikr-mulohazalar almashildi.
Seminarda hududiy statistika boshqarmalarining xodimlari savollarga javob berish jarayonida yalpi ichki (hududiy) mahsulot hajmi, o‘sish sur’ati va deflyatorini hisoblash bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir so‘nggida, milliy hisoblarning asosiy tushunchalari, qoidalari va ularni milliy statistika amaliyotiga joriy etish suhbatning asosini tashkil etdi.
Axborot xizmati